Yangilanayotgan Konstitutsiya targ‘ibotiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Xabaringiz bor, 30 aprel kuni yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi Konstitutsion qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi.
Albatta, o‘z oilasi, farzandlari, yurti taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir vatandoshimiz unda faol ishtirok etishi lozim. Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgarishlar va ularning mazmun-mohiyatini aholiga keng tarzda tushuntirish maqsadida Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengash deputatlari, Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng turda targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Mana shunday targ‘ibot tadbirlaridan biri 25 mart kuni tuman hokimligining majlislar zalida bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi  deputatlari Sanobar Xo‘jamuratova, Yaxshimurat Axmedovlar ishtirok etishdi.
 Shuningdek yig‘ilishda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, siyosiy partiya rahbarlari, tegishli tashkilot mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
 Yig‘ilishda Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati, ta’lim rivojiga doir muhim jihatlar xususida ma’lumotlar berildi. Asosiy Qonunimiz mamlakatimizda yangi hayot, yangi jamiyat barpo etish yo‘lida qo‘lga kiritilayotgan barcha yutuq va marralarimizning xuquqiy poydevori – kelajagimizning ishonchli kafolati ekanligi ta’kidlanib, Referendum joriy yilning 30 aprel, yakshanba kuniga belgilanganligi va unda har birimiz faol ishtirok etib o‘z fuqarolik burchimizni bajarmog‘imiz lozimligi alohida qayd etib o‘tildi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasidagi moddalar soni 128 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi Qomusda ularning soni 155 tani tashkil etib, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilmoqda. Qisqacha izoh berganda, amaldagi Konstitutsiyamizning 65 foiziga o‘zgartirish kiritilmoqda.
Yig‘ilish davomida deputat Sanobar Xo‘jamuratova yangilanayotgan konstitutsiyaviy qonun loyihasi matnining 50- va 52-moddalarida maktab  va maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha qator huquqiy asoslar keltirib o‘tilganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda bolalar mehnati taqiqlanib, avvalgi yillardagidek paxta terimi, chopig‘i, tozalash supur-sidir ishlari bilan o‘quvchi va o‘qituvchilarni majburiy shug‘ullantirish mutlaqo ta’qiqlanganini aytib barchani 30 aprel kuni o‘z kelajagi va haq-huquqi uchun ovoz berishga chaqirdi.
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova barcha deputatlardan o‘z saylov okruglarida targ‘ibot tadbirlarini jadal sur’atlarda olib borishlari lozimligini va bunda albatta ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ishlash zarurligini qayd etib o‘tdi. Deputat Zumrad Bekatovaning targ‘ibot tadbirlari tumandagi barcha mahallalarda davom etadi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati