MUBORAK RAMAZON KUNLARIDA OVUL VA MAHALLALARDA RO‘ZADORLAR UCHUN IFTORLIK DASTURXONI YOZILMOQDA

Туман янгиликлари

Shu kunlarda yurtdoshlarimiz Ramazon oyining ro‘zasini tinchlik-osoyishtalik, bag‘ri butunlikda ado etishmoqda. Bu muqaddas oyda imon-e’tiqod bilan qilinadigan duolar mustajob bo‘ladi. Ushbu muborak kunlarda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, duolarni qabul qiladi.

Xalqimiz uchun ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, olijanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan, yuksak insonparvarlik tamoyillarini o‘zida mujassam etgan shunday fazilatli kunlarda Jumurtov shaharchasidagi “Qasr” to‘yxonasida shaharcha va Bobur nomli ovul aholisi uchun iftorlik dasturxoni yozildi. Unda hududda yashovchi ro‘zador nuroniylar, mahalla faollari, mehnat faxriylari, imomlar ishtirok etdi.

25 mart kuni Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra tashkil etilgan ushbu marosimda tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenboyevlar ham qatnashishdi.

Iftorlikda tuman bosh imom-xatibi Abdurahmon Matsapoyev insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlari, muqaddas dinimiz arkonlarini e’zozlash, tinchlikdek ulug‘ ne’mat qadriga yetish kerakligi xususida so‘zladi. Shuningdek, bosh imom-xatib o‘z so‘zida bunday muborak kunlarda ro‘za tutishlik har bir musulmon uchun juda katta imtihon hisoblanishini, ro‘za tutgan musulmon uchun xos mukofot berilishini va Ramazon oyida qilingan har bir solih amalning ajri bir necha barobar ko‘paytirib berilishini aytib o‘tdi.

Iftorlik dasturxoni atrofida Qur’on tilovati qilinib, Qadr kechasining fazilati, Ramazon hayiti, hayit odoblari haqida ham ma’ruzalar qilindi

Jumurtov shaharchasidagi “Qasr” to‘yxonasida iftorlikda ishtirok etgan ro‘zadorlar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, dehqonlarimiz yetishtirayotgan mahsulotlar hosiliga baraka tilab, duolar qilishdi.

26 mart kuni Mang‘it shahridagi “Istiqlol” to‘yxonasida ham Navoiy nomli va Bo‘ston mahallalarida yashovchi ro‘zadorlar uchun iftorlik marosimi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ehson tadbirida tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenboyevlar qatnashishdi.

Iftorlik dasturxoni nozu-ne’matlar bilan to‘ldirildi. Milliy taom — osh damlanib, yig‘ilganlarga tortiq qilindi.

So‘zga chiqqanlar muqaddas mohi Ramazon kunlarida muhtojlarga mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatish xalqimizga xos fazilat ekanligini ta’kidladilar. Muborak oy davomida miskinlar holidan xabar olish, ehtiyojmandlarga xayr-ehsonlar berish savobli amallardan sanaladi. Zero, Ramazon insonlarni o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga, keksalar va bemorlar, yaqinlar holidan xabar olishga, muhtojlarga saxovat qilishga chaqiradi.

Ehson dasturxoniga to‘planganlar iftorlikda tuman bosh imom-xatibi Abdurahmon Matsapoyevning Ramazoni sharif shukuhi, ushbu oyning fazilatlari haqidagi ma’ruzalarini tinglashdi. Shuningdek, Qur’on oyatlari o‘qilib, O‘zbekiston zaminida el farovonligi yo‘lida xizmat qilib o‘tganlar haqiga, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishini, xonadonlarimizda hamisha tinchlik hukm surishini, mo‘l va barakali rizq tilab, duolar qilindi.

Xayr-ehson qilish maqsadida ovul va mahallalarda tashkil etilgan iftorlik tadbirlari o‘zgacha ruhda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.

O.Xudoyberganova.