OROL – MЕNING TAQDIRIMDA

Туман янгиликлари

Orol dengizi…. Insonlar xatosi tufayli qurib borayotgan dengiz. Qirg‘oqlarni sog‘ingan suv mavjlari, qayiqlarni sog‘ingan baliqchilar, qanchadan-qancha qirilib ketgan jonivorlar, o‘z uylarini majburan tashlab ketgan insonlarni o‘ylasam, qalbim zirqiraydi. “Qani oldingi Orolim!” deya hayqirgim keladi. Birgina o‘ylamay qilgan inson xatosi shuncha qimmatmi?

Dengiz cho‘l mintaqasida joylashganidan uning yuzasidan har yili 1 metr qalinlikdagi suv bug‘langan. O‘tgan asrning boshlaridan suv sathi pasaya boshlangan. Sug‘oriladigan dehqonchilikning rivojlanishi natijasida Amudaryo va Sirdaryoning deltasiga quyiladigan suv miqdori kamaygan. Suvning sifati yomonlashib, ichish uchun yaroqsiz ahvolga kelgan.

Biz yaxshi bilamizki, har bir jonzotning tirikligi suv bilan. Orol dengizi qurishi natijasida tuz, chang havoga ko‘tarilib, odamlar orasida turli kasalliklar ko‘paydi. Ayniqsa, ayollar va bolalar orasida onkologik kasalliklar uchramoqda. Dengiz tubidan ko‘tarilgan chang, tuz to‘zoni, atmosfera ifloslanishi kundan kunga ortib bormoqda. Bugungi kunda aholi ifloslangan ochiq suv havzalaridan foydalanadi. Dengizga yaqin joyda yashovchi aholining ko‘p qismi o‘z turar-joyini tashlab ko‘chib ketmoqda.

Orol dengizini saqlab qolish mumkinmi? Ilmiy ma’lumotlarga qaraganda, Orol tarixda ko‘p marta o‘z shaklini o‘zgartirgan va qurib qolgan. Hozirgi vaqtda Orol muammosi O‘rta Osiyo va butun dunyoning umumiy muammosiga aylanib ulgurdi. Dengiz hozirda “o‘lik dengiz” deb hisoblanmoqda. Tirik organizm dengizda deyarli yo‘q. Orol dengizining qurishi iqlimga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Men umid qilamanki, birgalikda harakat qilsak, albatta, uni qutqarib qolamiz.

Javlonbek O‘rozaliyev, 36-sonli maktab o‘quvchisi.