AMUDARYODA UCH AVLOD VAKILLARI UCHRASHDI

Туман янгиликлари

Haqiqiy bahor tantanasi boshlangan shukuhli kunlarning biri – 27 mart kuni Amudaryo tumanida tarix, bugun va kelajakni o‘zida ifoda etadigan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.

Uchrashuvning dastlabki qismi Olmazor mahallasidagi Xotira maydonida tashkillashtirildi. Bayramona bezatilgan maydonga tumanimizning turli hududlaridan kelgan keksa avlod vakillari, mahalla va ovullar faollari, yoshlar, jami 200 nafardan ziyod fuqarolar joylashdilar. Ekranda hududimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ularda turli millat vakillarining ishtirokini aks ettiruvchi lavhalar kishi e’tiborini tortadi.

Tadbirda asosan o‘zining bosib o‘tgan hayot yo‘li bilan zamondoshlariga ibrat bo‘ladigan, Ikkinchi jahon urushi davrida yoshligi o‘tgan, front ortida mehnat qilgan, o‘zining mehnati bilan qadr topgan, davlatimizning ko‘plab mukofotlari bilan taqdirlangan nuroniylar va o‘rta avlod vakillari, o‘qishda, ishda va sportda katta yutuqlarga erishgan yoshlar qatnashdilar.

Xotira maydonida xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablar tomonidan tayyorlangan millatlararo totuvlikni, O‘zbekistondagi o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus, koreys millatlarining madaniyati, urf-odatlari, kuy-qo‘shiqlari, kiyinishi va boshqalari aks ettirilgan ko‘rgazmalar namoyishini barcha qiziqib tomosha qildi.

Tadbirda keksa avlod vakillarining o‘qishda va ishda katta yutuqlarga erishgan yoshlar bilan uchrashuvi juda hayajonli bo‘ldi. Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining sport-texnika klubi texnikalari va sportchilari faoliyati, tumanimizning iqtidorli yoshlari vakillari, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, “Yosh kitobxon oila” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, sport sohasida katta yutuqlarga erishgan sportchilar hamda baynalminal jangchilar bilan uch avlod vakillarining tanishuvlari, muloqotlari, fikr almashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar, gullar qo‘ydilar, tuman tarixi muzeyi bilan tanishdilar.

Uchrashuv “Gulzor” mahallasidagi “Sher” to‘yxonasida davom etdi. Tadbirda tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan musiqiy dastur namoyish etildi. “Bir piyola choy ustida” davom etgan suhbatda nuroniylar, faollar, deputatlar, o‘rta avlod hamda yoshlar vakillari so‘zga chiqdilar. Tadbir ishtirokchilariga tumanimizning taniqli insonlari va ularning faoliyati haqidagi videoroliklar namoyish qilindi, san’at ustalarining konsert dasturi taqdim etildi, bayramona bezatilgan dasturxonga osh tortildi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev hamda “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tursunboy Abdijabbarov qatnashdilar va nutq so‘zladilar.

Shuningdek, tadbirda bir guruh mehnat faxriylariga, yakka-yolg‘iz va ijtimoiy himoyaga muhtoj keksa avlod vakillariga “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamda tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan pul mablag‘lari va sovg‘alar berildi.

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir barchada ulkan taassurotlar qoldirdi.

Oygul RAJABOVA