AMUDARYODA YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYA TARG‘IBOTIGA BAG‘ISHLANGAN TADBIR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan katta tadbir bo‘lib o‘tdi.

29 mart kuni tuman hokimligi binosi yonida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov hamda senator Bahodir Tajiyevlar qatnashdi. Shuningdek, tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga tumandan saylangan deputatlar, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, partiyalar faollari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, fermerlar, yoshlar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Aktam Haitov hamda Bahodir Tajiyevlar Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berishdi. Yangilanayotgan Konstitutsiya yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlovchi mustahkam xuquqiy poydevor – kelajagimizning ishonchli kafolati ekanligi haqida batafsil so‘zlab, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganini bayon etishdi.

Loyiha umumxalq muhokamalariga qo‘yilganidan so‘ng, 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushgani, ushbu takliflar ham e’tiborga olganini aytib o‘tildi. Shunga ko‘ra yangilanayotgan Konstitutsiya tom ma’noda xalq Konstitutsiyasiga aylangani e’tirof etildi. Shuningdek, Yangilanayotgan Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tegishli qismi o‘zgarishsiz qoldirilgani qayd etib o‘tildi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan faxriy o‘qituvchi Tursunboy Abdullayev, 82-sonli maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mohira Yusupova, “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Barno Samandarova va boshqalar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun umumxalq referendumida ovozga qo‘yilishi va referendum joriy yilning 30 aprel, yakshanba kuniga belgilangani, ushbu tarixiy hodisaga befarq bo‘lmaslikni aytib, boshqalarni ham ovoz berishga chaqirdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasidagi moddalar soni 128 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi Qomusda ularning soni 155 tani tashkil etadi, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilgan. Amaldagi Konstitutsiyamizning 65 foiziga o‘zgartirish kiritilgan. Aytib o‘tilganidek, loyihada davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishi alohida me’yorlar bilan mustahkamlangan. Unga ko‘ra, yurtimizda yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, uy-joy, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir davomida tuman Madaniyat bo‘limi xonandalari Vatan, tinchlik haqidagi qo‘shiqlarni ijro etib, ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar barchani 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida kelajagimiz va haq-huquqlarimiz kafolati uchun ovoz berishga chaqirdi.

Shundan so‘ng, mas’ullar “Amudaryotex” xorijiy korxonasiga qarashli o‘simlik yog‘-moy ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurib, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashishdi. Suhbat davomida zavod ishchi-xodimlariga Konstitutsiyaviy qonun loyihasida inson huquq va erkinliklari yanada mustahkamlanganini misollar bilan tushuntirishdi. Yangilanayotgan Konstitutsiya jonajon Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz hayoti, huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini ta’minlashda muhim o‘rin tutishini aytib, bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida faol qatnashishga chaqirishdi.

Mas’ullar 40-sonli umumta’lim maktabi hududida tashkil etilgan “Fermerlar bog‘i”ga ham tashrif buyurishdi. Bog‘da yangi ekilgan mevali daraxt ko‘chatlari yaxshi parvarish qilinayotganini ko‘rib, kerakli tavsiya va maslahatlar berishdi. Shuningdek maktab pedagoglar jamoasi bilan ham uchrashib, yangilanayotgan konstitutsiyaviy qonun loyihasining 50- va 52-moddalarida maktab va maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha qator huquqiy asoslar keltirib o‘tilgani, Asosiy qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan soha xodimlarining konstitutsion huquqlari, manfaatlari, maqomi mustahkamlanishini aytib o‘tishdi. O‘z navbatida mazkur huquqiy o‘zgartirishlarning soha rivojidagi o‘rni xususida pedagoglarning fikr-mulohazalari tinglandi. Mas’ullar o‘qituvchilarni o‘z fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda referendumda faol ishtirok etishga chaqirishdi.

Tashrif “Amudaryo tomorqa xizmati” klasterida davom ettirildi. Mas’ullar klasterdagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Korxonaga qarashli sexlarda tayyorlanayotgan pishiriq va nonlar, 750 tonnalik sig‘imga ega muzlatgichda saqlanayotgan sabzavot va meva-cheva zahirasi, 50 sotixlik issiqxonada yetishtirilayotgan sabzavotlarni ko‘rib, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflari va maslahatlarini berishdi hamda tadbirkorlarni ham referendumda faol ishtirok etishga chorlashdi.

O.Xudoyberganova.