KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH – DOLZARB VAZIFA

Туман янгиликлари

Dunyo miqyosida insoniyatning azaliy muammolaridan biri bu – korrupsiya. Chunki ushbu illat har qanday mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasida bu boradagi  islohotlarning samarali amalga oshishiga zamin yaratuvchi va korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini o‘zida aks ettirgan Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 24 noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda ma’qullangan va Prezident 2017 yil 3 yanvar kuni imzolagan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonun amalga kiritildi. Mazkur qonun 34 moddadan iborat bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunda korrupsiya, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar to‘qnashuvi kabi yangi tushunchalar kiritilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash masalalari o‘z aksini topgan.

Yana bir muhim jihatlaridan biri sifatida aytish mumkinki, Qonunning 28-moddasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar davlat himoyasida bo‘lishi belgilangan.

Ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish – dolzarb vazifa sanaladi. Shu sababli korrupsiya kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, qonunlarning o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash, uni keltirib chiqaruvchi holatlarning oldin olish choralarini ko‘rish kabilar davlat organlari mas’ullari bilan birgalikda fuqarolarning ham vazifasi bo‘lishi kerak. Shundagina jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ushbu illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga erishamiz.

Q.Atamuradov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi raisi.