Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 59-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2023 yil 31 mart kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 59-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani tuman hokimi – Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi.

Sessiya kotibligiga 2-Chordara saylov okrugidan deputat Muyassar Raxmatullayeva saylandi.

Sessiyada dastlab mahalliy budjetning 2023 yil 1 yanvar holatiga aniqlangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayevning hisoboti tinglandi.

Keltirib o‘tilganidek, erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan “Ayollar daftari”  va “Yoshlar daftari” jamg‘armasining har biriga 22 mln. so‘m, “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasiga 44 mln. so‘m sarflanishi belgilangan. Deputatlar tuman hokimi o‘rinbosarining taklifini atroflicha muhokama qilib, bir ovozdan maqulladilar.

Sessiya ishida mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish to‘g‘risida tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabovning axboroti tinglandi.

 Kun tartibidagi masala yuzasidan axborotda hokim yordamchilarining murojaatlar bilan ishlash samaradorligi bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Qayd qilinganidek, 2023 yil fevral oyida hokim yordamchilari tomonidan 499 nafar shaxsning bandligi ta’minlangan bo‘lib, shundan 34 nafari doimiy ish bilan, 86 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan bo‘lsa, 940 nafari o‘zini-o‘zi band etgan.

Sessiya ishida “O‘zbekiston Respublikasi   Prezidentining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yakinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Hakimjon Sobirovning hisoboti tinglandi.

Hisobotda keltirib o‘tilganidek, 2022 yil davomida tumanda 18-40 yoshdagi aholi soni 38 463 nafarni tashkil etdi. Shundan tarmoq reja bo‘yicha 37 477 nafar fuqaro profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijasida 4081 nafar fuqaroda kasallik aniqlangan. Shularning 406 nafari statsionar sharoitda 3675  nafari ambulator sharoitda sog‘lomlashtirilgan.

Sessiya davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarori ijrosi yuzasidan tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Ilhom Palvonov hisobot berdi.

Hisobotda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish, chorvachilik, paxta-g‘allachilikni rivojlantirish maqsadida zahira yer maydonlarini ochiq elektron tanlovga qo‘yish bo‘yicha taklif berildi. Taklif deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Sessiya ishida “O‘zbekiston Respublikasining Referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, tumandagi 64 ta referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zoligiga nomzodlar ro‘yxatini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi va mazkur masala yuzasidan Kengash qarori qabul qilindi.

Sessiya ishida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.