Farovon mahallasi haqiqatdan ham farovon!

Туман янгиликлари

Mahallaning obodligi - ona Vatanning obodligi, tom ma’noda mamlakat va millat farovonligidir. Mamlakatning har jihatdan taraqqiy etishi uchun mehnat maydonlarida fidoyilik ko‘rsatuvchi xalq mahallada yashaydi, ijod qiladi, yangiliklar yaratadi. Kelajagimiz egalari bo‘lgan barkamol avlodni voyaga yetkazishdek sharafli vazifani amalga oshiradi. Shuning uchun ham mahalla har davrda o‘zining muqaddasligi bilan e’tiboru, e’tirofda bo‘lgan.

 Amudaryo tumanining Farovon mahallasi, nomiga yarasha obod va farovon mahalla. Ushbu mahallada 642 xonadonda 2456 nafar fuqaro istiqomat qiladi. E’tiborlisi, mahalladagi 710 ta oilada keyingi 3 yil ichida biron marta ajrim yoki jinoyatchilik bilan bog‘liq holatlar sodir bo‘lmadi.

Mahalla raisi Madamin Kazakov, xotin-qizlar faoli Sayyora Karabayeva, hokim yordamchisi Muqaddas Beknazarova, profilaktika inspektori Rufat Matnazarov, yoshlar yetakchisi Shoxruh Ro‘zmetovlarning o‘zaro hamkorlikda va hamjihatlikda samarali ish faoliyatini yo‘lga qo‘yganligi natijasida oilaviy qadriyatlar mustahkamlanib, mahalla infratuzilmasi tobora yaxshilanoqda, aholi bandligi ta’minlanmoqda.

Jumladan, 2023 yilning dastlabki 3 oyi davomida xotin-qizlar va hokim yordamchisi ko‘magi bilan 5 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. 2 nafar ayol ishga joylashtirildi.

Mahalla ahlining o‘zaro birdamligi, og‘izbirchiligi tufayli hududda kattagina mahalla bog‘i yaratildi. Ushbu bog‘da mevali daraxt ko‘chatlari har bahor va kuz mavsumlarida ekilib ko‘paytirib boriladi. Bu yilgi bahor mavsumida ham mahalla ahli 50 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishdi. Ahamiyatlisi, ekilgan har bir niholning kelajakda katta daraxt bo‘lib yetishishi uchun bir nafar yosh oila biriktirib qo‘yildi. Yosh oilaning endigina kurtak yozayotgan nihollarga biriktirilishda ham qandaydir ramziy ma’no bordek.

 Farovon mahallasida yosh kelinlarga, turmush ostonasida turgan yosh qizlarga o‘rnak va ibrat bo‘lib, oilalar mustahkamligiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan mahallaning 12 nafar yoshi ulug‘ onaxonlaridan tuzilgan “Oqila ayollar harakati” ham samarali tarzda faoliyat olib bormoqda.

 Harakatning faol azolari Dilbar Xo‘jamuratova, Momojon Annamedovalar xotin-qizlar faoli Sayyora Karabayeva bilan hamkorlikda yosh qizlar o‘rtasida kiyinish madaniyati, erta nikoh, erta tug‘ruq, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kabi mavzularda targ‘ibot tadbirlarini, davra suhbatlarini olib bormoqda.

 Shuningdek, profilaktika inspektori bilan hamkorlikda yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha uchrashuvlar, profilaktik tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Mahallaning faol a’zosi Momojon Annamedova tashkil etilayotgan ushbu tadbirlarda hamisha faol. U o‘zidagi bor hayotiy tajribani yoshlarga ulashgisi keladi. Bugungi kunda u turmush o‘rtog‘i bilan keksalik gashtini surib nevaralar tarbiyasida bo‘lsa ham mahalla ishlariga aralashmasdan turolmaydi. Uzoq yillar mobaynida o‘qituvchilik qilib farzandlarini uyli-joyli qilgan ushbu nuroniylarning uyidan aslo fayz arimaydi.

 Momojon Annamedova o‘z kelinlariga, mahallaning yosh kelinlariga nasihat qilganda eng avvalo, sabrli bo‘lish kerakligini, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani tejab ishlatish lozimligini, oilada yuzaga kelgan nohush vaziyatlarda ham muammoni bosiqlik bilan hal qilish lozimligini ta’kidlaydi.

 Mahallada Momojon Annamedova singari onaxonlar juda ham ko‘p. Ularning yoshlarga berayotgan o‘git va nas'hatlari, boy hayotiy tajribalari tufayli Farovon mahallasi obod, oilalar turmushi farovon.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.