YER MUNOSABATLARIDA TЕNGLIK VA SHAFFOFLIK TA’MINLANADI

Туман янгиликлари

Yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalaga kiritishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

Prezidentimizning “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 avgustdan boshlab, yer uchastkalari xususiy sektorga mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishi yo‘lga qo‘yildi.

Farmonga muvofiq, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilindi. Bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qolindi. Ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda ko‘rsatilgan tartibda qurilgan ko‘chmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu obyektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tishi belgilandi.

Mazkur Farmon yerdan oqilona foydalanish orqali xalqimizning turmush farovonligini oshirish borasida boshlangan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim asos bo‘ladi. Shuningdek, yer bilan bog‘liq munosabatlardagi korrupsion holatlarning oldi olinadi hamda yerdan foydalanish borasida barcha uchun shaffof bo‘lgan tizim yo‘lga qo‘yiladi. Qonunchilikdagi bu kabi normalarni mukammallashtirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini yanada kuchli muhofaza etish, qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Q.Atamuradov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi raisi