“Obod va xavfsiz mahalla”

Туман янгиликлари

Davlat muttasil rivojlanar ekan, huquqbuzarliklarni sodir etish turlari ham murakkablashib boradi. Shu bois, bugun mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish va amalga oshirish nafaqat ichki ishlar organlarining, balki huquqni muhofaza qiluvchi barcha tashkilotlar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan sanaladi.
4 aprel kuni Amudaryo  tumani hokimligining  katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Oybek Kamolov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tumandagi fuqarolar yig‘ini raislari, profilaktika inspektorlari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari hamda yoshlar yetakchilari ham ishtirok etishdi.
Yig‘ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev olib bordi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining 2023 yil 30 mart kungi “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorining mazmun-mohiyati keng tarzda tushuntirildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Oybek Kamolov huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi islohotlarning bugungi holati, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda mahalla va mahallalardagi yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari va profilaktika inspektorlarining roli va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
 Shuningdek, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ishlashni tashkil qilish va uni amalga oshirish mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
Bunda avvalo, ijtimoiy profilaktika obyekti bo‘lgan shaxslar toifasiga bandligi ta’minlanmagan, mehnatga layoqatli va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmaganlar, alkogol, qimor, tavakkalchilikka ruju qo‘ygan yoshlar, nizoli oilalar, hamda boshqa salbiy illatlarga ega bo‘lgan shaxslar kiritilishi aytib o‘tildi.
Endilikda mana shunday fuqarolarni barvaqt aniqlash va ularning jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida profilaktika inspektori aholini “xonadonbay va “fuqarobay” o‘rganishi zarurdir.
Mahalla raislari va xotin-qizlar faollari o‘z mahallasidagi nizoli oilalar bilan muntazam ravishda mulaqotni yo‘lga qo‘yishi, ularni yarashtirishga erishishi lozim.
Hokim yordamchisi esa bandligi ta’minlanmagan aholini ish bilan band bo‘lishiga, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashishi zarur. Yoshlar etakchisi esa, yoshlar bilan tizimli ravishda tig‘iz ishlashishi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazib har xil qimor va alkogol mahsulotlariga ruju qo‘yishining oldini olishi zarur.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida yangidan tatbiq qilinayotgan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, ichki ishlar organlarining, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida imzolangan “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori o‘ylaymizki, mahallalar obodligi va osudaligi, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.