PЕDAGOGLAR VA TIBBIYOT XODIMLARINING FAOLIYATIGA TO‘SQINLIK QILGANLAR JAZOLANADI

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, uni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini, shoshilinch tibbiy yordamni va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar tarmog‘ini o‘z ichiga oluvchi uch bosqichli milliy tibbiyot modeli yaratildi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligini, sifatini va qulayligini oshirish ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, oxirgi paytlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari ko‘payib bormoqda. Bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sog‘lig‘i yomonlashishida yoki o‘limida asossiz ravishda ayblash, shuningdek hech bir sababsiz shifokorlarga va o‘rta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari yuz bermoqda.

Biroq O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi amaldagi kodeksida xizmat vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan qonunga xilof ravishda turli shakllarda ta’sir o‘tkazganlik, shuningdek tibbiyot xodimlarining tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy javobgarlik belgilanmagan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilovchi yangi modda bilan to‘ldirilmoqda. Ushbu moddada fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamog‘ga olish choralarini qo‘llash belgilanmoqda.

Undan tashqari, mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa, ta’lim tashkilotlarining pedagog-xodimlarini o‘z xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish hollariga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biroq pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga jalb etish hollari davom etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, shuningdek ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu Qonunlar har ikkala soha xodilari uchun, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

S. Davletmuradov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi sudyasi.