“SOLIQCHI - KO‘MAKCHI” TAMOYILI ASOSIDA TADBIRKORLARGA AMALIY YORDAM KO‘RSATILMOQDA

Туман янгиликлари

Amudaryo tuman Davlat soliq inspeksiyasi  xodimlari tomonidan soliq to‘lovchilarni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, sohada joriy qilinayotgan o‘zgarishlar, imkoniyatlar hamda soliq qonunchiligidagi yangiliklardan vaqtida xabardor qilish, zarur tushunchalar, huquqiy maslahatlar berish maqsadida doimiy ravishda tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Xususan, “Soliqchi - ko‘makchi” tamoyili doirasida tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini yashil, sariq, qizil toifalar bo‘yicha segmentlash orqali ularga zarur holatlarda yaqindan ko‘maklashish va yangidan tashkil etilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar ro‘yxati shakllantirilib, ushbu ro‘yxat asosida joyiga chiqqan holda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilayotgani, muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 213-sonli Farmoniga muvofiq 2023 yilning 1 yanvaridan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda  foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirildi. Shuningdek, ijtimoiy soliq miqdori ham kamaytirilib, 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasida belgilandi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun esa 6 baravarga kamaytirilib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida begilandi.

Soliq sohasidagi ushbu o‘zgarishlar va joriy etilayotgan yengilliklarni soliq to‘lovchilarga yetkazish hamda imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanishlarida amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Amudaryo tuman Davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Qoraqalpoq mahsulotlari” korxonasida bo‘lishib, mazkur korxonada buxgalteriya hisob-kitobini yuritish, soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartibi to‘g‘risida zarur tushunchalar berdilar.

Shuningdek, ular mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Jayxun-Amu” mebel ishlab chiqarish korxonasida ham bo‘lishib, soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartibi, boshqa soliq turlaridan ortiqcha summasini qaytarish, kredit olish, yer ajratilishida e’tibor berish zarur bo‘lgan jihatlar, soliq organiga aloqador muammo va tushunmovchiliklar yuzasidan korxonada buxgalteriya hisobini yurituvchi xodimlarga zarur ma’lumotlar berdilar.

Joylarga chiqqan holda soliq sohasidagi  bu kabi o‘zgarishlar va yengilliklar to‘g‘risida soliq to‘lovchilarga kerakli ma’lumot va tushunchalar berish joriy etilayotgan imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida soha xodimlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilayotganidan tadbirkorlar mamnun bo‘lishmoqda.