Yangilanayotgan Konstitutsiya targ‘ibotiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Туман янгиликлари

7 aprel kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Maryam Ahmedova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova hamda mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchilari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi.

Ma’lumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Qonun 30 aprel, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida ovozga qo‘yiladi. Ushbu muhim siyosiy jarayonda barchani faol ishtirok etishga, fuqarolarning o‘z hayotiga, farzandlari kelajagiga befarq bo‘lmaslikka chaqirsh maqsadida o‘tkazilgan yig‘ilishda Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Maryam Ahmedova Konstitutsiyaviy qonunning mazmuni va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Yangi tahrirga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi moddalar soni hozirgi 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilmoqda, 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarishlar kiritilayotir. Umuman olganda, Konstitutsiya 65 foizga yangilanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi konstitutsiyasi ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, inson va davlatning huquqiy holatini belgilashda inson huquqlari ustuvorligiga tayanganini ta’kidladi.

Shuningdek, yoshlar mamlakati bo‘lgan O‘zbekistonda Yangi Qomusimizning 79-moddasida “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning intelektual, ijodiy, jismoniy va ahloqiy jihatdan shakllanishi va rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishiga, sog‘lig‘ini saqlashda, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi” deya belgilangani yoshlar kelajagi uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘ladi.

Yig‘ilish davomida so‘zga chiqqanlar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining matni 2022 yil 25 iyundan 1 avgustga qadar o‘tkazilgan umumxalq muhokamasida va undan keyingi jarayonlarda kelib tushgan takliflar, fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda maromiga yetkazilganligini, Konstitutsiyani ko‘p millatli xalqimiz birgalikda yaratganini ta’kidlashib, barchani 30 aprel kuni hamjihat va hamfikr bo‘lib kelajagimiz uchun ovoz berishga chorladilar.

Darhaqiqat, yangilanayotgan Bosh Qomusimizda inson va fuqarolarning huquq, erkinlik va majburiyatlari tenglik hamda teng huquqlilik asosida amalga oshiriladi. Shunday ekan, uning har bir moddasiga inson qadr-qimmatini himoyalaydigan, Yangi O‘zbekistonning yangi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beradigan muhim vosita sifatida qaragan holda Referendumda faol ishtirok etaylik, aziz yurtdoshlar!

Tuman hokimligining Axborot xizmati