Amudaryo tumani hokimi S.Yo‘ldashevning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

Туман янгиликлари

Qadrli yurtdoshlar!

Avvalo, Siz, azizlarni, Sizlar orqali ko‘pmillatli xalqimizni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bundan 30 yil muqaddam – 1993 yil 9 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan Respublikamiz fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlash, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan edi.

Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori, xalqimiz erkin va farovon turmush kechirishining qonuniy kafolati bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasida inson-ning ijtimoiy huquqlariga katta e’tibor qaratgan bo‘lib, mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli sharoitlarida ishlash, ishsizlikdan himoyalanish, ijtimoiy ta’minot olish kabi huquqlar konstitutsiyaviy darajada e’tirof etilgan.

Aziz do‘stlar!

Xabaringiz bor, xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, yurtimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’iy nazar har bir insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston – ijtimoiy davlat deb belgilanmoqda. Bu – insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik, deganidir. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobarga ko‘paytirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisining barcha takliflar hamda hududning o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olgan holda yangilanayotgan Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning davlat tuzilishi va siyosiy tizimi bilan bog‘liq moddalar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Referendumda faol ishtirok etib, Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi uchun ovoz berishga chaqiraman.

Sababi, mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirish, inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz uchun eng oliy ne’mat – tinchlik va osoyishtalikning, taraqqiyot va farovonlikning bardavom bo‘lishida Konstitutsiyamiz mustahkam poydevor vazifasini o‘tashi shubhasiz.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Sizlarni yana bir bora Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yillik shodiyonasi bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman!