Mamlakatimizda budjet mablag‘larining ma’lum qismini jamoatchilik fikri asosida yo‘naltirish, tashabbusli budjetlashtirish tizimi izchil davom ettirilmoqda. Fuqarolarning budjet mablag‘larining bir qismi sarflanishida ishtirok etayotgani hududlardagi eng dolzarb muammolarning ijobiy hal etilib, odamlarning ertagi kunga ishonchini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Boisi, tashabbusli budjetlashtirish bu aholining budjet mablag‘larining ma’lum qismini sarflash maqsadidagi tashabbuslarini ilgari surishi orqali mahalliy boshqaruvda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etishini ta’minlaydi.
Buning uchun 18 yoshdan oshgan tashabbuskor fuqarolar yakka yoki guruh bo‘lib loyiha taklif qilishi kerak. Ushbu loyihalar ekspertizadan o‘tkazilib, saralanadi va ovoz berishga qo‘yiladi. Eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar moliyalashtiriladi.
Amudaryo tumani aholisi ham ushbu jarayonda faol ishtirok etib, eng dolzarb loyihalarni ilgari surib, g‘olib bo‘lib, turmushidagi ko‘pgina muammolarning hal bo‘lishiga erishmoqdalar.
O‘tgan 2022 yilda “Ochiq budjet” axborot portalida o‘tkazilgan “Tashabbusli budjet” jarayonida ishtirok etgan tumanimizning faol fuqarolari 1-bosqichida o‘zlarining loyihalarini ilgari surib, 9 ta ijtimoiy muammolarning hal etilishga erishdilar. Tumanimiz infaratuzilmasini rivojlantirish loyihalariga fuqarolarning tashabbuslari asosida budjet mablag‘lari ajratilib, loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ya’ni, g‘olib chiqqan 9 ta loyiha uchun 4 mlrd. 720 million so‘m ajratildi.
Ushbu loyihalardan biri To‘lqin ovulidan o‘tgan ulkan asfalt yo‘l bo‘yiga piyodalar yo‘lakchasi qurish edi. 33-sonli maktabga qatnovchi o‘quvchilar, ovul fuqarolari uchun yo‘l bo‘yida yo‘lakcha yo‘qligi yo‘lda harakatlanganda ancha noqulayliklar tug‘dirib kelayotgan edi. Ovul faol fuqarolari “Ochiq budjet” portalidagi “Tashabbusli budjet” jarayonida ushbu loyihani ilgari surib, g‘olib bo‘ldilar. Piyodalar yo‘lakchasi “Jayxun Master Stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sifatli qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, Arnabo‘yi mahallasidagi 33-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini joriy ta’mirlash bo‘yicha taqdim etilgan loyiha ham fuqarolarning faolligi tufayli g‘olib bo‘ldi va muassasa 299 million so‘m mablag‘ evaziga joriy ta’mirlandi. Ikkinchi bosqichda esa 6 ta loyiha g‘olib deb topildi va ushbu ijtimoiy muammolar ijobiy hal etilishi uchun 5 milliard 799 million 500 ming so‘m sarflandi.
Amudaryoliklar “Ochiq budjet” portalidagi “Tashabbusli budjet” jarayonida joriy yilda ham o‘z hududlaridagi turli yechimini kutayotgan muammolar bilan ishtirok etishdi. Bu boradagi takliflarning 16 tasi g‘olib bo‘ldi.
Endilikda ushbu loyihalar moliyalashtirilib, hududlardagi elektr tarmoqlarini yangidan tortish, maktablar binolarini mukammal va joriy ta’mirlash, qo‘shimcha bino qurish, isitish tizimini ta’mirlash, yo‘llarga tosh, asfalt yotqizish kabi ijtimoiy ahamiyatga molik ishlar amalga oshiriladi. Ayni kunlarda mazkur loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
E’tiborli jihati, joriy yilda birinchi bosqichda g‘olib bo‘lgan loyihalarning 5 tasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini joriy, kapital ta’mirlash, isitish tizimini yangilash va qo‘shimcha bino qurish tashabbuslari ilgari surilgan. Bu – o‘sib kelayotgan yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli, maqsadli o‘tkazishiga imkoniyat yaratish maqsadida rejalashtirilgan xayrli loyihalardir.