Rimajon Ikkinchi jahon urushi boshlanganida 12 yashar qizaloq edi. Zamon og‘ir, 1937-1939 yillarda hukm surgan “qama-qama”lar, bugun bir tengqurining otasi yo akasini, ertasiga o‘zlarining biron bir qarindoshini, mahalladoshini notanish, g‘alati otliqlar kelib qo‘llariga kishan solib olib ketganlarini ko‘raverib, yoshiga nisbatan ancha erta ulg‘aygan Rimajon kattalarga o‘xshab g‘am chekar, qayg‘urar, hatto yaxshi zamonlar kelishini Allohdan iltijolar qilib so‘rardi. 12 yoshli navnihol qizaloq kattalarga qo‘shilib, urushga ketgan erkaklarning o‘rniga qazuvga chiqar, paxta ekib, chopiq qilardi. “Urush bolalari” deyishardi front ortidagi frontlarda ter to‘kkan Rimajon kabi navnihol o‘smirlarni.
Ana shu “urush bolalari” Ikkinchi jahon urushida qozonilgan olamshumul g‘alabaga beqiyos ulkan hissalarini qo‘shgan davr fidoyilari bo‘ldilar.
Esida, hozirgi Qipchoq qishlog‘i hududida mayda-mayda kolxozlar bo‘lardi. Rimajon o‘sha kolxozlardan biridagi paxtachilik brigadasida ishchi bo‘lganida hali suyagi qotmagan qizaloq edi. Frunze nomli bu kolxozning yumushlari hech tugamasdi. Bir-ikki soat maktabda nomigagina ta’lim olgan bolalar maktabdan so‘ng to‘g‘ri dalaga chiqib ketishardi. Erta bahordan to kech kuzgacha oyoq kiyimdan muammo bo‘lmas, “ishchi bolalar” yalangoyoq yurishga majbur edilar. Qishda biri urushga ketgan akasining, biri otasining og‘ir kirza etiklarini kiyib, qazuvga chiqishar, maktabga esa aka-uka, opa-singillar tushlikkacha biri kiygan kiyimni, tushlikdan so‘ng ikkinchisi kiyib, o‘qishga borishardi. Hatto kitob jildigacha o‘rtada bo‘lar, buning uchun talashmas, hayot odamlarni bir-birlariga o‘ta mehrli, oqibatli qilib qo‘ygandi go‘yo.
O‘limlarni, yo‘qotishlarni ko‘raverib diydalari qotib ketgandi ularning. Rimajon Otajonova to Ikkinchi jahon urushi tugagunga qadar kolxozchilar bilan bab-baravar mehnat qildi.
– Chigitni qo‘lda ekardik, – eslaydi momo, – ba’zan tuni bo‘yi qo‘llarim zirqirab og‘rib chiqardi. Mehnat odamni toblaydi, deyishardi kattalar. Toblandik, lekin bu mashaqqatli yillar so‘nggi taqdirimizga o‘z muhrini bosdi, o‘qishimiz chala qoldi.
“Hamma narsa front uchun!” degan da’vatkor shior urush yillaridagi Rimajon kabi navnihol bolalarning bolaligi, bolaligiga qo‘shib orzu-umidlarini ham urushga safarbar etgan edi. Qorni nonga, egni kiyimga yolchimay ulg‘aygan, mashaqqatli mehnatlari uchun yolchitib haq olishni bilmay voyaga yetgan Rimajon Otajonova Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi bo‘lgan Qurbonboy Aminov bilan turmush qurdi. Urushdan keyingi tiklanish yillari yosh oila uchun oson bo‘lmadi. Ular tongdan-shomgacha kolxoz dalasida ter to‘kdilar, yaxshi kunlar umidi bilan, shukronalar qilib umr kechirdilar.
Uch qiz, ikki o‘g‘ilni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi, kasb-korli qilishdi. Oysanam, Xolbika, Bibisora qizlari, Maqsudxon va Ismoiljon ismli o‘g‘illarining kamolini ko‘rish nasib etganidan Rimajon momo mamnun.
– Qurbonboy bobongiz urush jarohatlari azobi tufayli ertaroq ketib qoldilar, –mahzunlik bilan xotirlayli momo. – Jahannam ichidan omon qaytib, o‘g‘il-qiz o‘stirdik, tinch zamonlarni ko‘rdim, armonim yo‘q, derdilar doim. Axir shunday dorilomon kunlarda yashab ham armon qilish mumkinmi? Mening ham armonim yo‘q. Bizlar ko‘rgan mashaqqatlarni, og‘ir damlarni hech bir avlod ko‘rmasin!
Momoning tilidan shukronalar tushmaydi. Atrofi to‘la bog‘-bo‘ston, chamanzor. Ne istasa, muhayyo qiladigan farzandlari, nevara-yu chevaralarining sanog‘idan adashib ketadigan momo yana shukronalik bilan duoga qo‘l ochadilar:
– El-yurt tinch bo‘lsin, bolalar, zurriyodlarimiz sog‘, hayotimiz bardavom bo‘lsin! Odamzot nasli hech qachon urush ko‘rmasin, Allohu akbar!
Momoning atrofini to‘ldirib turgan 50-60 nafar nevara-chevara-yu evaralarning ko‘zlari chaqnab ketadi, quvonchdan, momojonlari bilan shirin diydordan yayrab-yashnaydi bolajonlar.
Ilohim momomizga kuch-quvvat bersin-u ezgu tilaklari ijobat bo‘lsin!
Robiya YO‘LDOSHЕVA.