“HOZIRGI ZAMON 20 YOSHLIK YIGIT VAQTIMGA TO‘G‘RI KЕLSA EDI...”

Туман янгиликлари

Men 1930 yilda hozirgi To‘lqin ovulida dunyoga kelganman. Katta bobom Matkarim so‘fi, otam Abdurahmon so‘fi shu yerning eng boy odamlaridan bo‘lishgan.

Elas-elas eslayman, 1934 yilda boylar quloq qilindi. Mol-mulklari ham musodara qilindi. Ular orasida otam ham bo‘lgan. O‘sha kuni menga kimdir suv to‘la qumg‘onni olib ber, deganda qumg‘onni ko‘tarishga kuchim yetmagan. Shu kundan boshlab 2 nafar akam, bir opam va men otasiz o‘sdik. Qahatchilik zamoni, ishlamagan, mehnat qilmagan odam ochdan o‘lib ketaverar edi. Biz yetimlar ochdan qolmaslik uchun to tonggacha chig‘ir haydar edik.

Opamni ham erta turmushga berdik. Lekin, pochchamizni xarbiy xizmatga olib ketishdi. Opamning ro‘zg‘ori ham biz aka-ukalarning zimmasida bo‘ldi. Urush bizning Vatanimizdan ancha olisda ro‘y berayotgan bo‘lsa-da, uning sovuq nafasi yurtimizda ham kezib yurar edi.

Bolaligimizda bolalikning gashtini, uning beg‘uborligini his qilmay o‘sdik. O‘ylarimiz, fikrlashimiz, dunyoga bo‘lgan ko‘z qarashimiz yoshimizga nisbatan ancha katta edi.  Akam nihoyatda bilimli, savodli inson bo‘lganlar. 8-sinfligidan boshlab maktabda bolalarga dars bergan. Akam o‘lchovni, hisob-kitobni nihoyatda aniq olardilar. Pulni oqilona sarflashi, tadbirkorlik bilan ish olib borishlari sabab ota-onamiz yo‘q bo‘lsa ham boshqalarga qaraganda ancha yaxshi yashadik.

13 yoshligimda traktor haydovchisining yonida yurib, traktor haydashga qiziqdim. Paxta dalalarida traktor haydab ancha tajribam oshdi. Tumanda birinchi toifali traktorchi bo‘ldim. Akalarim bilan birga kecha-kunduz mehnat qilib, halol pul topdik. Birovga bir so‘m pora bermadim, birovning haqini yemadim. Traktorchilikdan boshqa yana ko‘p vazifalarda ishladim. Odamlarning duosini oldim. Peshona terimiz bilan 1947 yilda yangi uy qurdik.  1950 yilda oila qurdim. O‘sha paytda 20 yoshda edim. Hozir umr yo‘ldoshim Roziya Abdurahmonova bilan teng qarib, qarilik gashtini surayapmiz. Alloh menga baraka eshiklarini ochdi. Serfarzand, serdavlat qildi. Buning uchun behisob shukur aytaman. Bularning bari, albatta, halol mehnat qilib, halol rizq topishdan. Bir kunda traktor haydab bir sigirning pulini ham topgan kunlarim bo‘ldi. Ortiqcha boylik to‘plamadim. Topgan mol-davlatimni yaxshilik va xayr-saxovat yo‘lida ishlatdim. 8 nafar farzandim bor, ularning  5 nafari qiz, 3 nafari o‘g‘il. 32 nafar nevaram, 60 dan ziyod evaram bor. Chevaram Nurmuhammaddan keyin yana 3 nafar duboram ham bor. 2007 yilda katta akam bilan Haj ziyoratiga bordik. Akam mening bolalik paytimdan ota o‘rnida ota bo‘lgan. Ilohim ruhlari shod bo‘lsin. Momongiz bilan umr yo‘limizning yarmidan ko‘pini birga yashab o‘tdik. Hayotimiz davomida chiqargan xulosamiz shuki, halol yashab, bolalariga ham halol luqma yedirgan odamga barokat eshiklari doimo ochiq bo‘ladi.

Quvvat Abdurahmonov,

front orti mehnat faxriysi.