Kichik sanoat zonalari hududlarning investitsion jozibadorligini oshiradi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kichik sanoat zonalari tashkil etilib, ularning faoliyati davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoda. Sababi, tadbirkorlik subyektlarini joylashtirishga mo‘ljallangan, muhandislik-kommunikatsiya va infratuzilma obyektlarini, ishlab chiqarish maydonini o‘z ichiga olgan kichik sanoat zonalari joylashgan hududining rivojlanishiga katta imkoniyat yaratadi. Xususan, sanoat ishlab chiqarishni jadallashtiradi, hududlarning investitsion jozibadorligini oshirib, bo‘sh turgan binolardan unumli foydalanishga imkoniyat yaratadi.

Amudaryo tumanida ham Prezidentimizning 2018 yilning 6 martidagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mana shunday maxsus sanoat zonalari tashkil etildi. Qaror asosida tumanimizdagi “Amudaryo paxta tozalash zavodi” aksiyadorlik jamiyatining eski binosi kichik sanoat zonasiga aylantirildi.

Kichik sanoat zonasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning ish faoliyatini, muammo va takliflarini o‘rganish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi bo‘lim prokurori Renat Xudoybergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyasi yetakchi mutaxassisi Baxauddin Xo‘jambergenovlar Amudaryo tumaniga tashrif buyurishdi.

Mas’ullar dastlab tadbirkor Tamara Yusupovaga tegishli “Tamara tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tikuvchilik korxonasida bo‘lishdi. Korxonada ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlari, to‘quvchilik mahsulotlari tayyorlanadi, har xil yosh toifasidagi xaridorlar uchun turli xildagi kiyim-kechaklar tikiladi. 2009 yilda tikuvchilik bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini boshlagan Tamara Yusupova o‘z ishini dastlab 3 mln. so‘m kredit mablag‘i olib ishlashdan boshlagan. Keyinchalik 40 mln va 136 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirgan.

Shundan so‘ng mas’ullar tadbirkor Bahodir Kamolovga qarashli “Kamolov eshiklari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldilar.

Ushbu korxona 2013 yilda ish boshlagan bo‘lib bu yerda zamonaviy rusumdagi eshik va deraza romlari, uy-ro‘zg‘or mebellari sifatli va hamyonbop narxlarda ishlab chiqariladi. Ayni paytda korxonada katta usta darajasiga erishgan 5 nafar ishchi xodim 10 nafardan ziyod shogird-ishchilariga duradgorlik kasbining sir-asrorlarini puxta o‘rgatib kelishmoqda.

Korxonada ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, uzoqdan kelib ishlovchilar uchun yotoqxonalar ham mavjud. Ishchilar kuniga 2 mahal issiq ovqat bilan ta’minlanadi. Ularning ishlab chiqargan eshik va deraza romlarining sifatiga qarab 2 mln.dan 3 mln. so‘mgacha oylik ish haqi to‘lanadi.

Kichik sanoat zonasidagi navbatdagi tashrif tadbirkor Nazokat Allabergenovaga tegishli “Mang‘it milk” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bo‘ldi. O‘z ish faoliyatini dastlab 30 litr sut mahsulotini qayta ishlashdan boshlagan tadbirkorning korxonasida bugungi kunda 1 tonnadan ortiq sut qayta ishlanib, kefir, qaymoq, tvorog kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Tadbirkor ayol 2018 kichik sanoat zonasida faoliyat boshlagan paytida 350 mln. so‘m miqdorida kredit olgan edi. U hozirda kreditni to‘liq to‘lab, yana katta miqdorda imtiyozli kredit olishni va ushbu mablag‘lar evaziga pishloq ishlab chiqaruvchi uskuna xarid qilishni niyat qilgan.

Kichik sanoat zonasining bir chekkasida temir eshiklar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona ham faoliyat yuritmoqda. Tadbirkor Jasur Bobojanov 2013 yilda “Amu metall kovka art” mas’uliyati cheklangan jamiyatini ochgan edi.

Ushbu korxonada sifatli va hamyonbop eshik va isitish qozonxonalari, zambillar tayyorlanib, ichki bozorlarimizda o‘z xaridorlariga ega bo‘lmoqda. Tadbirkorning niyati – eksportni yo‘lga qo‘yish va o‘z faoliyatini yanada kengaytirib, ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlashdir.

Mas’ullar kichik sanoat zonasidagi korxona egalari bilan yaqindan suhbatlashib, ularning kelgusidagi ish faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Aytish kerakki, bugungi kunda ushbu kichik sanoat zonasida tadbirkorlar uchun investitsiya loyihalarini amalga oshirishda barcha sharoit yaratilmoqda. Xususan, transport qatnovining qulayligi va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining mavjudligi ishlab chiqarish sanoati rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.