Yillar zahmatida toblangan onaxon

Туман янгиликлари

Ayoqchi mahallasi, butun Qilichboy  eli To‘xta Boltayevani ena, momo deb juda hurmat qilishadi, tez-tez xabar olib, duosini olishga intilishadi. Boisi u bu yil hayotining to‘qson to‘rtinchi bahorini qarshi oldi. Bir umr muallimlik qilib, hudud bolalariga ziyo ulashgan, mulohazali, oqil va tadbirli inson, rahmatlik Bobojon O‘rozmetov bilan ahil yashab, 9 nafar farzandni elga munosib qilib tarbiyalab, uyli-joyli qilgan. Ularning 7 nafari oliy ma’lumot olib, turli jabhalarda mehnat qilishgan, 100 nafarga yaqin nevara, chevara, evaralarini ham oyoqqa turg‘izishda farzandlariga ko‘makdosh bo‘layotgan tabarruk onaxon.

Enaning o‘smirligi urushdan oldingi qahatchilik yillariga to‘g‘ri kelgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangach esa xalqning boshiga tushgan og‘ir kunlar zahmatini yosh bo‘lsa-da, kattalar bilan baravar tortgan.

– O‘sha vaqtlarda biz yashagan hudud “Komsomol” kolxozi deb atalar edi. Yurtning alp o‘g‘lonlari, oilalarning suyanch ustunlari – erkaklar urushga safarbar etilgach, kolxozning dehqonchiligi ayollar va bolalar zimmasiga tushdi, – yuzlari g‘amgin tortib eslaydi momo. – Men ham 12-13 yoshimdan kolxozda ishladim. Kuni bo‘yi dalada ishlab, qosh qorayganda uyga kelib, bir burda non yeb, yo bir kosa obi yovg‘on osh ichib, yana ishga, ariq qazish, bug‘doy yo sholi o‘rimga ketardik. Tongda sal mizg‘ib olib, gohi och, gohi qornimiz yarim to‘yib yana ishga chiqardik. U paytlarda kolxoz boshlig‘i, brigadirlar bemor bo‘lib yotgan odamlarni ham qo‘yday haydab kelib ishga solardi. Kuzda esa hamma hosilni urushdagi askarlarga deb oxirgi qopigacha olib ketishardi.

Oldidagi xontaxtaga yopilgan dasturxonni silagancha onaxon uzoq o‘yga toladi. Ehtimol, hayotidagi o‘sha mash’um davrlar ko‘z o‘ngida jonlanayotgandir? Axir el qatori u ham ozmuncha qiyinchiliklarni boshidan kechirmagan-da. Ayniqsa, akalari urushga ketgan davrlarda volidasi Rajabbibi ona, opa-singillarining tortgan uqubatlari, tug‘ishganlaridan qora xat kelgan damlardagi ayriliq azoblari bir umr yodidan chiqmaydi.

O‘shanda 1943 yilning qahraton qish kunlarining biri edi. Kolxoz yeridan ungan don-dun, sabzavotlarni oxirigacha supurib-sidirib olgan mahalliy amaldorlar bu bilan cheklanmay, xonadonlarning o‘z tomorqasida yetishtirilgan hosiliga ham chang soldi. Ularnikiga navbat kelganida onasi Rajabbibi “Men bolalarimga tuproq yediramanmi, qanday tirikchilik qilaman, bermayman hosilimni”, deb to‘polon qilib, tom boshidagi bug‘doyini  kelguvchilardan asrash uchun shotiga tirmashayotganida bir bag‘ritosh amaldor devorga qo‘yilgan shotini toydirib yuborgan. Shunda onasi uch-to‘rt metr balandlikdan shoti bilan birga yiqilib, azob tortib yotganlarini hech unutmaydi. O‘sha yillarda xalq rizqini frontga yuborib, ochlikdan bir qiynalsa, mahalliy amaldorlarning zulmi ustiga-ustak bo‘lgan. Yaxshiyam  To‘xta Boltayevaning urushga ketgan akalaridan Jumamurod, Safarboylar qaytib kelib, oilaga suyanchiq bo‘lishdi.

Eh-hey, To‘xta ena eslayversa, uning hayoti dostonlarga ham sig‘maydi. Salkam yuz yosh ostonasiga, bugungiday dorilomon kunlarga yetganidan, farzandlar, nevara, chevara, evaralar, butun eli e’zozida yashayotganidan quvonib, tinmay shukrona aytadi, elimizning  tinchligi, obodligi bardavom bo‘lgay, deb tilaydi. Hamon tetik, fikrlari teran, taqdiridan nolishni bilmaydigan mo‘tabar enaning  “Sizlar ham mening yoshimga  yetgaysizlar”, degan duosidan bizning  ham ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi.

Hamrohlarimiz – “Ayoqchi” mahallasi xotin-qizlar faoli Nigora Polvonova, “Toshqal’a” mahallasi xotin-qizlar faoli Ravshanoy Tilovboyevalar bilan mo‘tabar onaxon huzuridan qaytar ekanmiz, salkam bir asr umr ko‘rsa-da, zehni o‘tkir, fikri teran, o‘zini o‘zi bemalol boshqara oladigan farishta misol momoga chindan-da havasimiz keldi.

Oygul RAJABOVA, Ravshanbek BAHROMOV.