Tuman hokimining tadbirkorlar va hokim yordamchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, shu yilning 15 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash ishlarini yangi pog‘onaga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.
Videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning tumandagi ijrosini ta’minlash maqsadida 17 may kuni Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini binosida tuman hokimining tadbirkorlar va hokim yordamchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi tuman filiali boshlig‘i Mahsud Rajabov, amudaryolik tadbirkorlar, hokim yordamchilari, tegishli korxona va tashkilot mas’ullari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tadbirkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan manfaatli hamkorlik orqali mahallalardagi bandlik masalalari ijobiy yechim topayotganligini aytib o‘tdi. Bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan  “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi bandligi ta’minlanmagan aholi va kam ta’minlangan ishsiz yoshlar uchun katta imkoniyat ekanligini ta’kidladi.
 Aytish kerakki, O‘zbekiston bo‘ylab dastur uchun 2023-2024 yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalar a’zosi kasbga o‘qitilib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. Shuningdek, dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi.
Jumladan, tadbirkor kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi, kambag‘al oila a’zosi esa daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ushbu tizim bir martalik ish emas, davomli jarayon bo‘lishini va buning natijasida kam ta’minlangan oilalar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilishini aytib o‘tdi.  
Shuningdek, yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish sohasida Xitoy tajribasini o‘rganish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Ta’kidlanganidek, endlikda Xitoy tajribasi asosida  O‘zbekiston bo‘ylab kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.
Bunda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratiladi.
Undan tashqari, Xitoy markazlari bilan hamkorlikda mahallalardagi hokim yordamchilarini o‘qitish, yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafar salohiyatli hokim yordamchilarining Xitoyga amaliyot o‘tashga yuborilishi hokim yordamchilari uchun katta tajriba maktabi bo‘ladi.
 Yig‘ilishda so‘zga chiqqan hokim yordamchilari tumanda aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘icha tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini, bunda ayniqsa tumandagi tadbirkorlar bilan samarali tarzda hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini aytib o‘tishdi.
Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘iishida berilgan topshiriqlar ijrosini amalga oshirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.