DO’RMAN OVULIDA MILLIY QADRIYATLARТNI TARG'IB ETISHGA BAG’ISHLANGAN MA’NAVIY-MA’RIFIY TADBIR BO’LIB O’TDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi bayramini munosib tashkil etish hamda koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazish maqsadida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida keng koʻlamli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Ayollarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini toʻlaqonli taʼminlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash borasidagi islohotlarni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari negizida tumanimizdagi Do’rman ovulida 26 avgust kuni “Ayol baxtli boʻlsa, oila baxtli boʻladi, oila baxtli boʻlsa, jamiyat baxtli boʻladi!" mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir  boʻlib oʻtdi.

Tadbirda tuman Oila va xotin-qizlar bo’limi rahbari Go’zal Soburova, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog’iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gachar Chimbaychiyeva koʻchaboshchi ayollar, mahallaning faol xotin-qizlari,  nuroniy  onaxonlar qatnashdi.

Mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan muloqotlar oʻtkazish va tashvishlarini hamda oilalaridagi muammolarini eshitish, shuningdek, muloqotlar natijasida  har bir ayol va uning oilasi bilan manzilli ishlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash, xotin-qizlarning oilalaridagi muammolarini oʻrganish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha manzilli choralarni amalga oshirish, jumladan, bandligini taʼminlashga koʻmaklashish, huquqiy yordam koʻrsatish, mahalla xotin-qizlari oʻrtasida milliy qadriyatlar va kitobxonlikni targʻib qilishga qaratilgan.

Yurtimizda xotin-qizlarga eʼtibor, davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani barchamizga maʼlum. Xotin-qizlar maʼnaviy -maʼrifiy, ijtimoiy-iqtisodiy  va siyosiy islohotlardagi faol ishtiroki uchun, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, barcha sohalarda oʻz iqtidorlarini namoyish etishmoqda. Tadbirda bu haqda batafsil soʻz  bor.

Tadbir qatnashchilari mahalla ayollarning qo‘l mehnati bilan yaratilgan kashta, do‘ppi, sochpopuklar va milliy choponlar ko‘rgazmalari hamda ularning tikilish jarayonlari bilan tanishdi.

Mehrdan yaralgan, nozik did bilan ishlangan osori-atiqalar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari,xalq amaliy san’ati buyumlari aks etgan ko‘rgazma davomida milliy raqs va kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Ayniqsa, nuroniy onaxonlar, koʻchaboshchi ayollar ishtirokida milliy xalq qoʻshiqlari – lapar, yalla, kelin salomlar kuylanilishi tomoshabinlarda oʻzgacha qiziqish uygʻotdi.

Shuningdek, iqtidorli yoshlar tomonidan qoʻl mehnati asosida yaratilgan mahsulotlar koʻrgazmasi, yosh qizaloqlarning badiiy chiqishlari barchaga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar   davlatimiz tomonidan xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtibor, ularning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani haqida toʻxtalib, jamiyatda har bir ayol oʻz oilasida va yaqinlari davrasida baxtli yashashga haqli ekanliklarini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Ayol ilmli boʻlsa, biror bir kasb-hunarning sir-asrorini mukammal egallasa, oʻziga va oilasiga nafi tegadi. Oʻziga nisbatan ishonchi mustahkam onalar koʻp hollarda farzandini oʻqimishli va ziyoli shaxs sifatida voyaga yetkaza oladi. Shu jihatdan, soʻnggi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy koʻnikma olishlari, oʻzlari uchun munosib ish topishlariga har tomonlama koʻmaklashish, ularning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilyapti.Bu oʻz navbatida qishloq ayollarining ham baxtiyor yashashi, oʻz iqtidorini namoyon etishiga sharoit yaratayapti. Bular Do’rman ovulida boʻlib oʻtgan tadbirda yaqqol namoyon boʻldi.

Tadbirda oʻquvchi yoshlar oʻzlarining  shoʻx-shodon qoʻshiqlari bilan mahalla ahlini xursand etdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati