BOʻZSOLMA MAHALLASIDA MUSTAQILLIK SHUKUHI

Туман янгиликлари

Yurtimizda nishonlanadigan muhim sanalar, qutlugʻ kunlarning har birining oʻz mazmun-mohiyati bor. Mustaqillik bayrami har yili yurtimizning ovul va mahallalarida oʻziga xos tayyorgarlik, turli maʼrifiy, madaniy-koʻngilochar tadbirlar ila tantana qilinadi. Boisi, bu kun xalqimiz asrlar osha intilgan, kurashgan oʻz erkinligiga, oʻz hayotini oʻzi mustaqil belgilash baxtiga muyassar boʻlgan kundir.

Joriy yilda ham Respublikamizning barcha hududlarida mustaqilligimizning 32 yilligi arafasida istiqlolni tarannum etadigan “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida musiqali madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.

Tadbirlarda xalqimizning mustaqillik yillarida amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari, yangilanishlar, oʻzgarishlar, ayniqsa, inson qadr-qimmatini yuksaltirish borasidagi saʼy-harakatlar, har bir fuqaroning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashiga erishish yoʻlidagi davlatimiz siyosati keng targʻib qilinmoqda, yoshlar bugungiday ozod, obod va farovon hayotni asrab-avaylash ga, yurtimiz tinch-osudaligini saqlashga daʼvat etilmoqda.

27-avgust kuni Amudaryo tumanining Boʻzsolma mahallasida ham mustaqilligimizning 32 yilligiga bagʻishlanib “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun” degan bosh gʻoyani oʻzida ifoda etgan bayram tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Sagʻindiq Turmanov, tuman Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha hokim oʻrinbosari Mahmud Shermetov, mahalla faollari, nuroniy otaxonlar, onaxonlar, faol yoshlar ishtirok etdi.

Yoshlar masalalari boʻyicha hokim oʻrinbosari Mahmud Shermetov soʻzga chiqib, tadbir ishtirokchilarini mamlakatimiz mustaqilliging 32 yillik bayrami bilan tabrikladi. Tadbirda soʻz olgan mahalla fuqarolar yigʻini masʼullari, hurmat-eʼtiborli nuroniylar eng ulugʻ va eng aziz bayramimizning ahamiyati, mustaqillik sharofati bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari haqida soʻz yuritdilar.

Xususan, soʻnggi yillarda roʻy berayotgan ulkan ijobiy oʻzgarishlar eʼtirof etildi.Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda tumanimizning eng chekka hududlaridan biri boʻlgan Boʻzsolma mahallasi ham oʻzgacha chiroy kasb etdi. Ichki koʻchalar tartibga keltirilib, taʼmirlandi. Yangi, zamonaviy uslubda madaniy-maishiy, savdo xizmati koʻrsatuvchi binolar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ravon koʻchalar boʻylaridagi biri-biridan koʻrkam, yashil daraxtlar bilan oʻralgan va zamonaviy uslubda taʼmirlangan hovlilar mahalla koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi.

Shuningdek, mahalla oʻsmir-yoshlarining ilm olishlari, oʻz iqtidorini rivojlantirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa hududning koʻpni koʻrgan, ulkan hayotiy tajribaga ega nuroniylari “bir bolaga yetti qoʻshni ota-ona” tamoyili asosida hamjihatlikda yosh avlodning yurtimizga munosib boʻlib voyaga yetishlariga harakat qilishmoqda.

Tabriklardan soʻng mahalla iqtidorli yoshlari ijrosida tayyorlangan musiqiy dastur namoyish etildi. Dasturdan oʻrin olgan ozod va obod Vatanimizni, baxtiyor zamonamizni, mustaqilligimizni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar barchaga manzur boʻldi. Mahalla ahli toʻkin dasturxon atrofida dildan suhbatlashib, bayram musiqali dasturini tomosha qilib, maroqli hordiq chiqardilar va shunday dorilomon kunlarga yetganlariga shukrona aytib, koʻngillari faxr-iftixorga toʻlib tarqaldilar. Istiqlol shukuhi barchaga yuqori kayfiyat baxsh etdi.

Oygul RAJABOVA