MAKTABLARDA BIRINCHI QOʻNGʻIROQ SADOLARI YANGRADI

Туман янгиликлари

Bugun – 4-sentyabr kuni erta tongdan oʻquvchi oʻgʻil-qizlar dillarida bir olam quvonch bilan jonajon maktablari sari yoʻl oldilar. Yurtimizdagi barcha taʼlim dargohlarida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” shiori ostida 2023-2024 oʻquv yili boshlanishiga bagʻishlangan “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Amudaryo tumanidagi 82-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham “Salom – maktabim!” nomli tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Mahmud Shermetov, Olmazor mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ozod Madraimov, yoshlar yetakchisi Alibek Sobirov , maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilari hamda ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar oʻquvchilarni boshlanayotgan yangi oʻquv yili bilan qutladilar va oʻqishlarida muvaffaqiyatlar tiladilar. Maktab direktori Zafar Axmanov maktabning oʻtgan oʻquv yili davomida erishgan yutuqlariga toʻxtalib, yangi oʻquv yilidagi rejalar xususida toʻxtalib oʻtildi hamda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor bugungi katta muvaffaqiyat va yutuqlarning kaliti boʻlayotganini taʼkidladi.

Tadbirda 1-sinfga qabul qilingan bolajonlarga Prezident sovgʻalari – maktab sumkasi va 12 turdagi predmetdan iborat darsliklar, oʻquv qurollari topshirildi. Tadbir davomida oʻquvchi-yoshlar tomonidan tayyorlangan Vatanni madh etuvchi sheʼr va qoʻshiqlardan iborat bayram dasturi namoyish etildi.

Shundan soʻng, barcha sinflarda “Mustaqillik darsi” bilan yangi oʻquv yili boshlandi. “Mustaqillik darsi”da oʻquvchilarga xalqimizning 32 yil davomida erishgan yutuqlari, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati borasida keng maʼlumotlar berildi.

Tumanimizning Bosuv mahallasida joylashgan 26-sonli umumtaʼlim maktabida ham “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirda tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudiri Saida Sodiqova, oʻqituvchi-murabbiylar, oʻquvchilar hamda ularning ota-onalari qatnashdi. Tadbir mehmonlari sinfxonalarga kirib, barcha ustozlarni, oʻquvchilarni, maktab ostonasiga ilk qadamini qoʻygan 1-sinf oʻquvchilarini yangi oʻquv yilining boshlanishi bilan tabrikladilar.

“Mustaqillik darsi”da oʻquvchilarga Vatanimiz tarixi va shonli oʻtmishi, istiqlolga erishish yoʻlidagi mashaqqatlar haqida maʼlumotlar berilib, yurtimizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, oʻtgan oʻquv yilida maktabda erishilgan yutuqlartilga olindi. Shuningdek, bolalarning puxta bilim olishi, hayotda oʻz oʻrnini topishi fidoyi ustozlarning beminnat mehnatiga bogʻliq ekani alohida taʼkidlandi.

Aytish kerakki, oʻtgan oʻquv yilida maktabni 18 nafar oʻquvchi bitirgan boʻlsa, shundan 11 nafari davlat oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilindi. Ushbu bitiruvchilardan 6 nafari davlat granti asosida, 5 nafari esa toʻlov-shartnoma asosida oliy taʼlim dargohlari talabalari boʻlishdi. Maktab oʻquvchilarining oliy taʼlimga kirish balli oʻrtacha 95 ballni tashkil qildi.

Joriy oʻquv yilida yana birinchi sinflarga 40 nafar oʻquvchi qabul qilinib, ayni paytda ularga bilimli va tajribali oʻqituvchilar taʼlim-tarbiya berishni boshladilar.

Shu kuni tumandagi barcha – 85 ta umumtaʼlim maktablarida yangi oʻquv yilining ilk darsi boshlanib, oʻquvchilar qunt bilan bilim olishga kirishdilar.

Tuman hokimligi Axborot xizmati