“MADANIYAT KARVONI” LOYIHASI DOIRASIDA MANGʻITDAGI MADANIYAT VA ISTIROHAT BOGʻIDA GALA KONSERT BOʻLIB OʻTDI

Туман янгиликлари

Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Madaniyat karvoni” loyihasi bugunga kelib ko‘pchilikning qalbidan joy oldi. Har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan ushbu tadbir doirasida joylarda el suygan ijodkorlar, san’at va madaniyat namoyandalari, yozuvchi va shoirlar, ilm ahli yurtimizning barcha tumanlarida bo‘lishib, aholi bilan uchrashmoqda, yuzma yuz muloqotlar diltortar konsert dasturlariga ulanmoqda. “Madaniyat karvoni” loyihasi doirasidagi tadbirlar aholining ko‘ngilli hordiq chiqarishiga xizmat qilayotgani barobarida madaniyat va san’at vakillariga, ijodkorlar qalbida yangi ijodiy ishlarga rag‘bat uyg‘otmoqda.

5 sentyabr kuni Amudaryo tumanining Olmazor mahallasi hududidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida “Madaniyat karvoni” festivali doirasida bir guruh san’atkorlar “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida gala konsert dasturini namoyish etishdi.

Gala konsertda xalqimiz sevgan madaniyat va san’at xodimlari, estrada yulduzlari Hamdambek To‘rayev, Saidahmad Xolmadov, Samandar Hamroqulov, Vohidjon Isoqov, Sharof Muqimov va boshqalar ishtirok etishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish, madaniyat va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Aholi, xususan, yoshlarning madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand etish, shu asosda ma’naviy yetuk, barkamol shaxslarni tarbiyalash, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borilayotir. “Madaniyat karvoni” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar ham aynan shu maqsadga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi qarori bilan Madaniyat vazirligi tomonidan “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini o‘tkazish reja-jadvali tasdiqlangan edi. Mazkur qarorda Madaniyat vazirligiga mazkur loyiha uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish, vazirlik tizimidagi konsert-tomosha muassasalari, sirk va teatr xodimlari orasidan “Madaniyat karvoni” tarkibiga kiritiladigan ijodkorlar ro‘yxatini shakllantirish vazifalari topshirilgan edi. Ushbu topshiriqlardan kelib chiqqan holda o‘tgan yildan beri mamlakatimizning barcha hududlarida “Madaniyat karvoni” shaklidagi konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Mang‘it shahrida ochiq osmon ostidagi so‘lim bog‘da bo‘lib o‘tgan konsert dasturi davomida yoshlarning sevimli xonandalari o‘zlarining sho‘x kuy-qo‘shiqlari bilan barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Ta’kidlanganidek, musiqa inson ma’naviy dunyosiga, badiiy-estetik didi va ehtiyojlari o‘sishiga ijobiy ta’sir etadi. Musiqa san’ati boshqa san’at turlariga qaraganda yoshlar tarbiyasiga ko‘proq va kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Yaxshi kuy-qo‘shiq inson qalbining nozik torlarini chertib, unga ma’naviy quvvat bag‘ishlaydi. Agar u Vatan madhiga, yurt sha’niga bag‘ishlangan bo‘lsa, ahamiyati yanada yuksaladi. Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, amudaryoliklar miriqib hordiq chiqargan mazkur gala konsertning ahamiyati juda yuqori bo‘ldi, deyish mumkin.

 Sevara  ISMOILOVA