AMUDARYO DARYOSIDAGI ZAMONAVIY TEMIR YOʻL VA AVTOMOBIL YO'LI QOʻSHMA KOʻPRIGI QURILISHI NIHOYASIGA YETMOQDA

Туман янгиликлари

Barchamizga ma’lumki, Prezidentimizning topshirig‘iga ko‘ra boshlangan tumanimizdagi Amudaryo daryosi ustidan o‘tadigan temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ayni paytda mazkur ko‘prik qurilishining yakuniy bosqich ishlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu zamonaviy temir-beton konstruksiyali ko‘prik ishga tushirilishi natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisi uchun savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va maishiy aloqalarning yanada rivojlanishi kutilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan katta hajmdagi qurilish ishlari davomida hududda temir yo‘l izlari yotqiziladigan yo‘lda tuproq ko‘tarish ishlari texnik talablar asosida bajarildi. Kerakli joylarga avtomobillar o‘tishi uchun qulayliklar yaratilib, tonnellar ham qurildi. Qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida tuman hududida 2 ta temir yo‘l stansiyasi ham barpo etilib, ayni kunlarda vokzal binolari qad rostladi.

Daryobo‘yi mahallasi hududida, Amudaryo ustida olib borilayotgan qurilish ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining buyurtmasiga ko‘ra, “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati tomonidan loyihalashtirilgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasi ishchilari tomonidan 400 mln. dollarlik loyiha asosida qurilayotgan yangi ko‘prikning uzunligi 412,7 metr, balandligi 11,5 metr, kengligi 8,5 metrni tashkil qiladi.

Shu bilan bir qatorda boshlangan 79 km. uzunlikdagi “Shovot-Gurlan-Jumurtov-Qorao‘zak” temir yo‘l liniyasini qurish ishlari ham jadal sur’atlarda davom etmoqda. Hozirgi paytda tuman hududidan o‘tuvchi mazkur temir yo‘l liniyasida shag‘al toshlar va po‘lat izlarni yotqizish, elektrlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yangi temir yo‘l liniyasi ishga tushirilganidan so‘ng, Rossiya va Qozog‘iston Respublikasidan yuklarni tashish masofasini 240 km.ga, vaqtini esa 6 soatga qisqartirishga erishilishi ko‘zda tutilmoqda.

Hozirgi paytda aholi foydalanib kelayotgan Amudaryo ustidagi ponton ko‘prigi ancha eskirib qolgan bo‘lib, 1982 yilda ishga tushirilgan. Yuk ko‘tarish qobiliyati 10 tonna bo‘lgan ushbu ko‘prikdan yiliga 600 ming tonnaga yaqin yuk olib o‘tiladi. Shuningdek, 3 milliondan ortiq aholi, 1 millionga yaqin avtotransport vositalari ham mazkur ko‘prikdan foydalanadi.

Endilikda yangi va zamonaviy ko‘prik ishga tushirilsa, yuk tashish hajmi ko‘payib, yiliga 25 mln. tonnani tashkil etadi. Mintaqalarning rivoji natijasida iqtisodiy samaradorlik yiliga 100 mlrd. so‘mga oshadi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istondan Xorazmga qurilish materiallari va boshqa turdagi mahsulotlarni yetkazib berish xarajatlari kamayadi, bu esa yangi ijtimoiy obyektlar va infratuzilmalarni qurishga sarflanadigan mablag‘lar tejalishini ta’minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini bog‘lovchi Amudaryo daryosi ustiga qurilayotgan avtomobil va temir yo‘l qo‘shma ko‘prigi ishga tushirilganidan so‘ng, barchamiz uchun qulayliklar yaratiladi va eski ko‘prikda sodir bo‘layotgan har xil favqulodda holatlarning oldi olinadi. Shu bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisi va tadbirkorlariga yangi temir yo‘l liniyasi orqali qatnovlardagi muammolar hal etiladi, tadbirkorlik faoliyatiga keng imkoniyatlar yaratiladi.

Zamonaviy texnologiyaga asoslangan yangi turdagi qurilish konstruksiyasi asosida barpo etilayotgan mazkur ko‘prik uzoq yillar mobaynida ezgu maqsadlar yo‘lida xalqimizga xizmat qiladi. Mazkur ko‘prikning ishga tushirilishi natijasida hududlar farovonlashib, aholining turmush darajasi yanada yaxshilanadi. Temir yo‘l orqali yurtimizning boshqa hududlar bilan bog‘lanishi tufayli esa nafaqat Amudaryoda, balki butun Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga keng yo‘l ochiladi.

O.Xudoyberganova