Ayanchli yoʻl-transport hodisasi sabablari muhokama qilinib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha choralar belgilandi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish eng asosiy ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

19 sentyabr kuni Amudaryo tumani hokimligi binosida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish bo‘yicha fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borish maqsadida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik Baxtiyar Torebekov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Muxtorjon Yusupov, tumandagi sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, profilaktika inspektorlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari hamda yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zining har bir chiqishlarida sohaga mas’ul bo‘lgan idoralarning asosiy vazifasi jinoyatchini topish va jazolash emas, balki jinoyat sodir etilishiga sharoit yaratib bergan holatlarni aniqlash, ayniqsa tizimli muammolar bilan ishlashga alohida urg‘u qaratishni ko‘p bora ta’kidlab o‘tgan.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga Respublikamiz miqyosidagi umumiy jinoyatchilik to‘g‘risida ma’lumotlar berdi va tumanda jinoyatlar soni oshgan 12 ta “qizil” toifadagi mahallalar to‘g‘risida gapirib o‘tib. Shuningdek, tumanda jinoyatchilik natijasida tan-jarohat olish, firibgarlik va yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshganligi alohida qayd etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik Baxtiyar Torebekov O‘zbekiston Respublikasi miqyosida joriy yilning 8 oyi davomida 5500 dan ortiq-yo‘l transporti bilan bog‘liq jinoyatlar sodir qilinganligini, shundan, 60 foizi tezlikni oshirish, 20 foizi spirtli ichimlik ichib avtotransport vositasini boshqarish orqali, 15 foizi yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik hamda qolgan 5 foizi ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo‘layotganligini tushuntirib o‘tdi.

Xususan, Ichki ishlar vaziri yaqinda sodir bo‘lgan dahshatli yo‘l-transport hodisasi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. 2023 yil 16 sentyabr kuni ertalab soat 8:00lar atrofida Amudaryo tumani Nazarxan ovuli hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 748-kilometrida harakatlanib borayotgan transport vositasi Amudaryo tumanidan Nukus shahri tomonga bir tomonlama harakatlanuvchi o‘z yo‘lidan kelayotganida uning orqa tomonidan harakatlanib kelayotgan yana bir fuqaro boshqaruvidagi avtomashina quvib o‘tishni amalga oshirayotib, qarama-qarshi tomondan harakatlanishga ruxsat etilmagan yo‘nalishda Nukus shahridan Xorazm viloyati tomonga harakatlanayotgan boshqa fuqaro boshqaruvidagi avtomashina bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasini sodir qilgan. Natijada bitta avtomashina yonib ketib, avtomashina haydovchisi va 3 nafar yo‘lovchilar hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan. Ikkinchi avtomashinadagi haydovchi va yo‘lovchi ham kasalxonaga olib ketayotganida yo‘lda vafot etgan. Yana bir fuqaro esa og‘ir tan jarohati olib, kasalxonada vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi  IIV  Tergov  boshqarmasi tomonidan  Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yig‘ilishda ushbu ayanchli yo‘l-transport hodisasi sabablari va oqibatlari haqida so‘z borib, kelgusida bu kabi noxushliklarning oldini olish bo‘yicha munozara yuritildi.

Umumiy jinoyatchilik muhokamasi chog‘ida esa fuqarolar yig‘inlari raislariga ovul va mahallalar hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir qilishga moyil bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish, aniqlangan muammolari bo‘yicha profilaktika inspektori yoki sektor rahbarlarini xabardor qilish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Yig‘ilish davomida tuman Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi mas’ullariga tumandagi barcha 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ro‘yxatini shakllantirib, jinoyat sodir qilishga moyil yoshlarni aniqlash va ular bilan tizimli profilaktik ishlarni tashkil qilish topshirildi.

Tuman IIB boshlig‘i, podpolkovnik Jamoladdin Yusupov ham so‘zga chiqib, tumanda firibgarlik jinoyatining oshishiga asosiy sabab ko‘pchilik fuqarolarning huquqiy bilimga ega bo‘lmasligi natijasida uyali aloqa telefonlariga kelgan sms kodlarni ishonib boshqalarga berish hollari ko‘p uchrayotgani, natijada ko‘pchilik odamlar firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolayotganini aytib, bu jinoyatlarning oldini olish maqsadida targ‘ibot tadbirlarini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati