AMUDARYO TUMANIDA MAKTAB VA BOLALAR BOGʻCHALARIDA YOD BILAN TAʼMINLASH DASTURI BOSHLANDI

Туман янгиликлари

Yod tanqisligi bo‘lgan bolalarda intellektual rivojlanish ko‘rsatkichlari pasayadi va yangi bilim-ko‘nikmalarni o‘rganishi qiyinlashadi. Agarda bolaning tanasida yetarli miqdorda yod bo‘lsa, unda maktabda, fan va sportda yaxshi natijalarga erishish imkoni yuqoriroq bo‘ladi. Shuni e’tiborga olgan holda yurtimizda davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida haftaning har chorshanba kuni bolalarga yod preparatini umumiy ichirish kuni deb belgilandi.

20 sentyabr kunidan mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida tuman Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan bolalarga bepul yod preparatlarini umumiy ichirish dasturi asosidagi tadbirlar boshlandi. Bu jarayonlarda ta’lim maskanlarida bolalarning preparatni ichishlari uchun suv va boshqa zarur sharoitlar yaratib berildi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari mazkur preparatlarni qabul qilish qoidalarini tushuntirib, pedagog-xodimlar, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar, ota-onalarga bu borada batafsil ma’lumotlar berishdi.

Ta’kidlanganidek, maktabgacha va maktab ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 28 avgustdagi qo‘shma qaroriga asosan O‘zbekistonda 3-15 yoshdagi bolalarni yod va 2-10 yoshli bolalarni gelmintozga qarshi preparatlar bilan bepul ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma tasdiqlangan. Endilikda mazkur yo‘riqnomaga ko‘ra, yod preparati davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga biriktirilgan hamshira yoki pedagog-xodimlar orqali, nodavlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga oilaviy poliklinika hamda oilaviy shifokorlik punktlari patronaj hamshiralari tomonidan tarqatiladi.

Hujjatda joriy yilning 20 sentyabridan boshlab, davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida haftaning har chorshanba kuni bolalarga yod preparatini umumiy ichirish kuni, deb belgilangan. Bunda yod preparati haftada bir marotaba maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, ya’ni 3-6 yoshli bolalarga 500 mkg, maktab o‘quvchilari, ya’ni 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 1000 mkg ichirilishi tavsiya etilgan. Shuningdek, yod preparatlarini saqlash va hisobotini yuritish davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari hamshirasi yoki mas’ul xodimi tomonidan yuritilishi belgilab qo‘yilgan.

Amudaryo tumanida o‘tgan davr mobaynida ham Prezidentimizning 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholini sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlariga muvofiq, 3-15 yoshdagi bolalar yod preparatlari bilan ta’minlanib kelingan. Yil boshidan sentyabr oyiga qadar tuman bo‘yicha 3-15 yoshli 50 ming 650 nafar bolalarga 171 ming 300 ta antistrumin tabletkalari berilgan. Shuningdek, 3-6 yoshli 15 ming 650 nafar bolalarga har haftada yarim tabletkadan qabul qilish uchun 31 ming 300 tabletka, 7-15 yoshli 35 ming 000 nafar bolalarga har haftada 1 tabletkadan qabul qilish uchun 140 mingta tabletka tarqatilgan.

O‘zbekistonda bolalarni yod bilan ta’minlash ishlari “Yorqin millat” dasturi bo‘yicha amalga oshiriladi. Yod preparatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi orqali 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun bepul taqdim etiladi. Preparat va doza O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligining respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tanlangan. 2025 yilda bolalar tanasida yod miqdorini aniqlash orqali butun dasturning ta’sirini baholash rejalashtirilgan.

Dasturni samarali amalga oshirish uchun dori tarqatilayotgan muassasadagilarning ota-onalari va ma’muriyatning muntazam onlayn so‘rovlari orqali monitoring amalga oshiriladi.

O.Xudoyberganova