“YUKSAK MAʼNAVIYATLI VA AXLOQLI YOSHLAR – KELAJAK POYDEVORI” NOMLI GRANT LOYIHASI DOIRASIDA “KUTUBXONAGA SAYOHAT” TADBIRI OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Kutubxonalar mutolaani sevgan kitobxonlar uchun eng sevimli maskandir. Zero, har bir insonning katta hayot maydonida o‘z yo‘lini topishida, barkamol shaxs sifatida kamol topishida bu dargohning ahamiyati katta. Shu sababli kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yoshlarni badiiy va ilmiy asarlarni mutolaa qilishga chorlash, shu orqali madaniyatimiz va ma’naviyatimizni yuksaltirib borish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biriga aylangan.

19 sentyabr kuni Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida tumandagi Axborot-kutubxona markaziga sayohat tashkil etildi. Gulzor mahallasidagi 55-sonli maktab o‘quvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbir davomida loyiha doirasida o‘tkazilayotgan keng qamrovli amaliy ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mazkur grant loyihasi doirasida yoshlarni kitobxonlikka jalb etish maqsadidagi tadbirlar keng tarzda o‘tkazilib kelinayotgani, “Kitoblar karvoni”, “Kutubxonaga sayohat”, “Yosh kitobxonlar” ko‘rsatuv va tadbirlari, “Men sevgan badiiy qahramon”, “Men sevgan badiiy asar” tanlovlarida yosh kitobxonlar faol ishtirok etishayotgani bayon etildi.

Markaz xodimlari ham ushbu ziyo maskani faoliyati haqida gapirib, o‘tkazilayotgan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot tadbirlari, turli loyihalar kitobxonlar safi ortishida alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlashdi. Shuningdek, bu yerda mavjud bo‘lgan kitoblar haqida batafsil ma’lumotlar berishdi va o‘quvchi-yoshlarni ular bilan tanishib chiqishga taklif etishdi. Yoshlar javonlarga tartib bilan terilgan turli kitoblarni katta qiziqish bilan ko‘rib, tanishib chiqishdi. Ularga kutubxona xodimlari ushbu kutubxonaga a’zo bo‘lish, kitoblarni shu yerda va o‘zlari bilan olib ketib mutolaa qilish muddatlari, tartibi haqida tushunchalar berishdi.

Oybek nomli mahalla hududida joylashgan ushbu Axborot-kutubxona markazi faoliyati 2019 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Zamonaviy ko‘rinishdagi binoda joylashgan ushbu kutubxonada kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, bu yerda turli badiiy va ilmiy adabiyotlar mavjud. Axborot-kutubxona markazida ayni paytda 19330 ta nomdagi, 64168 ta nusxada kitoblar bor. Ularning 31922 tasi o‘zbek tilida, 981 tasi qoraqalpoq tilida, 31265 tasi esa xorijiy tildagi adabiyotlardir. Kutubxona xizmatidan foydalanuvchilar 16485 nafar bo‘lsa, shundan 12176 nafarini yosh kitobxonlar tashkil etadi. Axborot-kutubxona markazida kitoblarning elektron nusxalari ham mavjud va kitobxonlarga bu xizmat turidan foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Ta’kidlash joizki, yoshlar orasida kitob mutolaasini ommalashtirish, ularning ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan bunday ma’rifat maskanlari – kutubxonalarning ahamiyati katta. Hozirgi paytda shu sababdan ham kutubxonalar xizmatini yuqori darajada tashkil etish va ularning moddiy-texnik bazasini boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha kutubxonalar qatori Amudaryo tumanidagi Axborot-kutubxona markazi xodimlarining ham Kutubxona fondidan foydalanish tizimini takomillashtirish, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishda turli yoshdagi aholi qatlamlarining talab va ehtiyojlari, qiziqishlarini e’tiborga olish, ko‘rsatilayotgan qo‘shimcha xizmatlar turlarini yanada kengaytirish va sifatini oshirish muhim vazifadir. Bu dargoh zamonaviy asbob-uskuna va texnik vositalar bilan ta’minlanib, internet tarmog‘i o‘rnatilgan. Bunday sharoitlar kitobxonlar tashrifini yildan-yilga oshirib borish, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq jalb qilish imkoniyatini bermoqda.

Grant loyihasi doirasidagi tadbirda o‘quvchi-yoshlarga kutubxona haqidagi bu kabi qiziqarli ma’lumotlarni tinglash, jahon va milliy adabiyotning xilma-xil olami bilan tanishish maroqli bo‘ldi. Kitoblar olamiga sayohat yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Ozoda Xudoyberganova