SHOIR VA YOZUVCHILAR BILAN UCHRASHUV KOʻNGILLARGA ZAVQ-SHAVQ BAGʻISHLADI

Туман янгиликлари

Mahallalarda, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni turli yot g‘oyalardan himoya qilish, yoshlarning dunyoqarashini va ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni yanada ommalashtirish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni eng chekka qishloqlar yoshlari o‘rtasida yanada keng va faol ommalashtirish maqsadida www.amunews.uz veb-sayti tahririyati tomonidan amalga oshirilayotgan “Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot” grant loyihasi doirasidagi tadbirlar joylarda munosib kutib olinmoqda. Quvonarlisi shundaki, mazkur loyiha ijodkorlari tomonidan tashkillashtirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli soha mas’ullari, mahallalardagi ko‘pni ko‘rgan nuroniylar, ijodkorlar ishtirokidagi uchrashuvlar, davra suhbatlarida yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq muammolar ro‘y-rost tilga olinib, bu muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, ijodkorlar bilan uchrashuvlarda olis qishloqlarda yashayotgan, ijodga moyil yoshlar ham kashf etilib, ularning ijod namunalari amunews.uz veb-saytida va “Taraqqiyot ko‘zgusi”, “Mening oilam” gazetalarida yoritib borilmoqda.

Ana shunday uchrashuv tadbiri joriy yilning 20 sentyabr sanasida “Jayxun ilhomlari” NNTda ham o‘tkazildi. www.amunews.uz veb-sayti ijodiy jamoasi bilan “Jayxun ilhomlari” NNT hamkorligida o‘tkazilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Amudaryo tumanida yashab, ijod etayotgan ijodkorlar, “Turmush chorrahalarida” turkum hayotiy hikoyalari hamda lirik she’rlari bilan adabiyot ixlosmandlariga yaqindan tanish bo‘lgan Zuhra Ahmedova, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy Uyushmasi a’zosi, “Jayxun ilhomlari” NNT raisi, shoir O‘rozali Reyimov hamda “Barkamol avlod” bolalar maktabi va 40-sonli maktabning she’riyatga ixlosmand o‘quvchi-yoshlari ishtirok etishdi.

Uchrashuv tadbirini O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy Uyushmasi a’zosi, “Jayxun ilhomlari” NNT raisi, shoir O‘rozali Reyimov ochdi va www.amunews.uz veb-sayti ijodiy jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot” grant loyihasi doirasidagi tadbirlarning mahallalarda, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashdagi, shuningdek, ma’nan yetuk insonlarni tarbiyalash, aholi keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni yanada rivojlantirishdagi ahamiyati xususida to‘xtaldi. Shundan so‘ng, “Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot” grant loyihasining maqsadi va undan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida loyiha ijodkorlaridan biri, jurnalist Robiya Yo‘ldosheva batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv tadbiri davomida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi, shoir O‘rozali Reyimov ijod mashaqqati haqida va adabiyotning inson hayotida tutgan o‘rni xususida so‘z yuritib, o‘zining ijodiy faoliyati davomida erishgan yutuqlari, hayotidagi sinovlarni yengib o‘tishda adabiyotdan, ijoddan kuch olgani to‘g‘risida so‘zlab berdi. U o‘z ijodidan namunalar o‘qib berdi.

She’r o‘qish navbati Zuhra Ahmedovaga berilganida uchrashuv ishtirokchilari Zuhraning hayotiy hikoyalari haqiqiy turmush lavhalari ekanligini e’tirof etishib, olqishladilar.

Tadbir davomida “Barkamol avlod” bolalar maktabi va 40-sonli maktabning iqtidorli o‘quvchilari ham o‘zlarining ona Vatan, do‘stlik, ona, tinchlik mavzusidagi she’rlaridan o‘qib berishdi.

Amudaryo tumanida yashab, ijod etayotgan qalamkashlar bilan yoshlarning uchrashuvi biri-biridan yoqimli taassurotlarga boy, qiziqarli, samimiy muloqot va she’rxonlik kechasiga aylanib ketdi va tadbir barchaga zavq-shavq bag‘ishladi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA