DURUNKI MAHALLASIDA YOSHLAR TARBIYASIDA “OILA, MAHALLA, MAKTAB” HAMKORLIGIDA SAMARALI NATIJALARGA ERISHILMOQDA

Туман янгиликлари

Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” grant loyihasi doirasida Durunki mahallasi va uning hududidagi 56-sonli maktabda ta’lim-tarbiya borasida erishilayotgan yutuqlarni boshqalarga namuna qilib ko‘rsatish, ta’lim maskani va fuqarolar yig‘inining bu boradagi tajribalarini ommalashtirish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, o‘quvchilar davomatini yaxshilash borasida yo‘lga qo‘yilgan ishlar bilan tanishish maqsadida tegishli tashkilotlar mas’ullarini jalb qilgan holda tadbir tashkil etildi.

19 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda Amudaryo televideniyesi tahririyati xodimlari, tuman Ichki ishlar bo‘limining yoshlar va voyaga yetmaganlar bo‘yicha katta inspektori Siroj Usnatdinov, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori Inobat O‘rozmatova, jinoyat-qidiruv bo‘limi tezkor vakili Ulug‘bek Abdullayev, fuqarolar yig‘ini mas’ullari hamda boshqalar ishtirok etishdi. Dastlab maktab rahbariyati, ustozlar hamda o‘quvchilar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ushbu maskanda ta’lim va tarbiya sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida suhbatlashishdi.

Televideniye xodimlari grant loyihasi maqsadi, uning doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib, bu tadbirlarning yoshlarning ma’naviy-ruhiy va intellektual salohiyatini oshirishdagi, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasidagi ahamiyati haqida so‘zlashdi. Shundan so‘ng, Ichki ishlar bo‘limi xodimlari voyaga yetmaganlar o‘rtasida tumanda o‘tgan 8 oy mobaynida 7 ta jinoyat sodir etilgani, ushbu mahalla hududida bunday holatlar qayd etilmaganini ma’lum qilishdi. Shuningdek, fuqarolar yig‘ini, oila va maktab yoshlar tarbiyasi borasidagi ishlarni hamjihatlikda olib borishayotgani tufayli samarali natijalarga erishilayotgani e’tirof etildi. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotgani, ularning tungi vaqtlarda behuda vaqt o‘tkazishlariga, uzrli sabablarsiz dars qoldirishlariga yo‘l qo‘yilmayotgani, o‘quvchi-yoshlar fan va sport to‘garaklarga jalb etilib, kasb-hunarga yo‘naltirilayotgani ijobiy samara berayotgani to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, tarbiya – eng murakkab va mas’uliyatli masalalardan biri bo‘lib, bunda oila, mahalla, maktab va keng jamoatchilikning o‘zaro hamkorligi muhim sanaladi. O‘qituvchilar, ota-onalar va mahalla faollari o‘z vazifalari, mas’uliyatlarini unutmagan holda tarbiyaviy ishlarni teng olib borsa, samarali natijalarga erishiladi. Bu jarayonda eng asosiy vazifa sog‘lom muhitni yaratish, yoshlarning ma’rifatli, ma’naviyatli bo‘lib yetishishlarini ta’minlash, ularga to‘g‘ri kasb-hunar tanlashni o‘rgatishdan iboratdir.

Amudaryo tumanidagi Durunki mahallasida va hududdagi 56-sonli maktabda ham bu borada qator chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim sifati yaxshiligi va ko‘rsatkichlari yuqoriligi bo‘yicha nafaqat tumanda, balki Qoraqalpog‘istonda eng birinchilar qatoridan joy olgan ushbu maktabda “Oila, mahalla, maktab” hamkorligidagi ishlar tufayli samarali natijalarga erishilmoqda.

Mazkur o‘quv dargohida bugungi kunda 570 nafar o‘quvchiga 56 nafar bilimli va tajribali o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya berishmoqda. Maktabda 24 ta sinf bo‘lib, 15 ta yuqori sinflar, 2 ta variativ sinflar mavjud. Ta’lim maskanini 72 nafar o‘quvchilar bitirgan bo‘lsa, ularning 53 nafari, ya’ni 73,6 foizi oliy ta’lim maskanlari talabalari bo‘lishdi. Ushbu maktabning variativ sinf bitiruvchilari esa barchalari talaba bo‘lib, 100 foiz natijaga erishildi.
 

Tadbir davomida mahalla faollari, ota-onalar bilan ham suhbat o‘tkazilib, bugungi shiddatkor zamonda yosh avlod kamolotida oilaning tutgan o‘rni tobora ortib borayotgani, ota-onalar o‘g‘il-qizlariga ta’lim-tarbiya berishlaridan avval, ularning o‘zlari keng dunyoqarashli, mulohazali, bilimli, savodxonlik darajasi yuqori bo‘lishi kerakligi keng talqin etildi. Mahalla faoli, nuroniy onaxon Ra’no Eshimbetova hamda maktabning ota-onalar qo‘mitasi raisi Omongul Qayupova va boshqalar yoshlar tarbiyasi borasida oila, ta’lim muassasasi, mahalla hamjihatlikda ish olib borsa, samarali natijalarga erishish mumkinligini aytib, bu bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berishdi.

Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” grant loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbir barchaga birdek manzur bo‘ldi. Yoshlar tarbiyasi borasidagi tajribalarni ommalashtirish maqsadida boshqa hududlarda ham shu kabi tadbirlarni hamkor tashkilotlar ishtirokida muntazam ravishda o‘tkazib borishga kelishib olindi.

O.Xudoyberganova