PREZIDENTIMIZ BMT MINBARIDAN TURIB MINTAQAVIY MUAMMOLAR HAQIDA OʻZBEK TILIDA NUTQ SOʻZLADILAR

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqini qiziqish va hayajon bilan tingladim. Prezidentimiz o‘z nutqlarida hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni ziddiyatlardan ustun qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligini e’tirof etib: “Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli  uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat ekanligini ta’kidladilar”. Prezidentimiz global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan muhim takliflarni ilgari surdilar.

Bugun davlatimiz oldida turgan ustuvor vazifalardan biri Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishdir. Aholi turmush darajasining yaxshilanishi hisobiga 2017 yildan beri kambag‘allik ikki baravar qisqardi. Prezidentimiz shu haqda so‘z yuritarkanlar 2030 yilgacha uni 7 foizga tushirish reja qilinganligini qayd qildilar.. 2024 yilda O‘zbekistonda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida "Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l" butunjahon konferensiyasini o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

O‘zbekiston davlati yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hamkorlik, barqarorlik  va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo‘lidan boradi. Davlat chegaralari, transport koridori va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolar bartaraf qilindi.Mintaqa davlatlari o‘rtasida savdo 2,5 barobar, qo‘shma korxonalar soni 5 barobar o‘sgan. O‘zbekiston mintaqada iqtisodiy markazga,  Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib, dunyoda unga qiziqish tobora kuchaymoqda."Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. "Ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumi o‘tkazish taklif qilindi.

Bugun  hamyurtlarimiz Orol dengizi fojeasidan aziyat chekayotganligi sir emas. Bu fojea oqibatlarini bartaraf qilish yo‘lida ko‘rilayotgan choralar, mintaqaviy iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlari, suv bilan ta’minlanganlik darajasining kamayib borishi tufayli Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha  maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyoda suvni tejovchi texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqada qabul qilingan. “Yashil taraqqiyot” dasturi doirasida tizimli hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi qo‘llab-quvvatlandi. "Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining" Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lidagi hamjihatlik"rezolyutsiyasini qabul qilish  va uning asosiy mazmunini Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif qilamiz",-deb ta’kidladilar Prezidentimiz.

Shuningdek, dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlikni keng targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekistonda YUNЕSKO shafeligida Dinlararo muloqot  va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif etildi. Islom dinining ezgulik  va insonparvarlik mohiyatini ochib berish, ajdodlarimizning boy ijodiy merosini o‘rganish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda "Islom – tinchlik va ezgulik dini" mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif qildilar.

Afg‘oniston muammolariga e’tibor qaratgan Prezidentimiz bu davlat bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari tomonlar uchun manfaatli ekanligi, bu davlatning muzlatib qo‘yilgan aktivlarini hududdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni bartaraf qilishning maqbul variantlarini ishlab chiqishga qaratish lozimligiga e’tibor qaratdilar.  Hurmatli Prezidentimizning shunday yuksak minbardan turib, eng dolzarb muammolarga dunyo hamjamiyatining e’tiborini jalb qilganlari, ona tilimiz bo‘lgan  o‘zbek tilining jahon minbaridan yangraganligi shu millat farzandi sifatida har birimizni to‘lqinlantirishi tabiiy.
Sanobar XO‘JAMURODOVA, Qoralpog‘iston xalq o‘qituvchisi, Jo‘qorg‘i Kenges deputati, 40-sonli maktab direktori.