TUMAN HOKIMLIGINING BOSHQARUV XODIMLARI UCHUN EKSPRESS-TRENING TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan Amudaryo tuman hokimligida ikki kunlik ekspress-trening tashkil etildi.

22-23 sentyabr kunlari davomida bo‘lib o‘tgan mazkur ekspress-treningda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi filiali rahbar o‘rinbosari Adilbek Reimbayev, hokimlik tizimi boshqaruv xodimlari hamda sektor rahbarlari, kotiblari ishtirok etishdi. Shuningdek, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik boshqaruv apparati xodimlari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham qatnashishdi.

Treningda mas’ul rahbarlarning faoliyatni tizimli tashkil qilish va natijadorlikni oshirish, aholi bilan tezkor ishlash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, samarali jamoani shakllantirish yuzasidan ko‘nikmalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Kun tartibidagi masalaga ko‘ra sektor rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash mexanizmi, vazifalar, reja va amaldagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlarning shakllanishi, shuningdek, tuman hokimi o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tartibi ham tushuntirildi.

Shuningdek, 2023 yilning birinchi yarim yillik natijalari muhokama qilinib, sektor rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari, natijalarni hisobga olish va baholashning asosiy mezonlari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikni, faoliyatni tashkil etishda natijadorlikka erishishga xizmat qiladigan taklif va tavsiyalar berildi.

O‘quv seminarida Konstitutsiya, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da mahalliy hokimliklar uchun belgilangan ustuvor vazifalar, davlat fuqarolik xizmati, odob-ahloq qoidalari keng tushuntirildi. Murojaatlar bilan ishlash, ijro intizomi, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish, tumanning investitsiya salohiyatini oshirish kabilar borasidagi samarali chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi. Undan tashqari, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, qurilish, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish kabi mavzular bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.

Trening davomida samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish, jamoaviy harakat qilish, jamoada sog‘lom muhitni ta’minlash, mehnat faoliyati samaradorligini oshirish kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Mehnat qonunchiligi bo‘yicha keng tushunchalar berilib, huquqiy bilimlari oshirildi.

Ko‘rgazmali slaydlar orqali o‘tkazilgan “Muammolarni yechishda ijodiy, ya’ni kreativ yondashuv mahorati” hamda "Taym-menejment, vaqtdan samarali foydalanish" mavzularidagi taqdimotlarda ish jarayonida ijodiy fikrlash ko‘nikmasini qo‘llash, uni rivojlantirish, vaqtni boshqarish kabilar amaliy misollar bilan ko‘rsatib berildi. Interfaol o‘yinlar, maxsus mashqlar orqali seminar ishtirokchilarining ijodiy imkoniyatlarini ochishga e’tibor qaratilib, ularni namoyon etishga harakat qilindi.

Mashg‘ulotlar davomida seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, ularning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi.

Ushbu qisqa muddatli ekspress-trening rahbar kadrlarning samarali boshqaruv bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlab, tashkilotchilik, yetakchilik qobiliyatlarini mustahkamlash bilan birga ularning kasbiy mahoratini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ozoda Xudoyberganova