Tadbirkorlik faoliyati – qonun himoyasida

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqoti doirasida tadbirkorlardan kelib tushgan qariyb 6 mingta murojaatda ko‘tarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida  bir qator chora-tadbirlar belgilab o‘tildi va ushbu chora-tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 4 sentyabr kungi PQ-292-sonli qarori bilan mustahkamlandi. Ushbu qarorga muvofiq kichik biznesga yangi imkoniyatlar yaratish; o‘rta biznesni barqaror iqtisodiy o‘sish garoviga aylantirish; yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish; yuqori daromadli korxonalarni ko‘paytirish; sodda soliq ma’muriyatchiligi va byurokratiyadan xoli qulay muhit yaratish yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Sodda soliq ma’muriyatchiligi va byurokratiyadan xoli qulay muhit yaratish yo‘nalishi bo‘yicha bir qator chora tadbirlar belgilanib, bunda qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasi o‘rnini qoplashda (qaytarishda) soliq uzilishi (tax gap) koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti taqiqlanishi; qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish tartibi bekor qilinishi (bundan amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq bo‘lgan holatlar mustasno); foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari daromadining chegaraviy miqdori 5 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshirilishi ko‘rsatildi;

2024 yil 1 yanvardan boshlab iqtisodiy sudlar tomonidan soliq organlari ishtirokida ko‘rilayotgan ishlar ma’muriy sudlar yurisdiksiyasiga o‘tkazilishi, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati besh yildan uch yilga tushirilishi belgilandi.

Shuningdek kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq to‘lovchining hududiga kirish; soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish; soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish; soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish.taqiqlanishi ko‘rsatildi (bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish)da o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvlari mustasno):

2024 yil 1 yanvardan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar bo‘yicha foizlar va neustoyka hisoblanishi to‘xtatilishi; to‘lov miqdori kredit majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmaganda, mablag‘larni, birinchi navbatda, mutanosib ravishda muddati o‘tgan asosiy qarz va foiz qarzdorliklarini, ikkinchi navbatda joriy to‘lov uchun hisoblangan foizlar va asosiy qarzni, keyingi navbatlarda neustoyka va ijro xarajatlarini qoplashga yo‘naltirish tartibi o‘rnatilishi belgilab o‘tildi.

Ushbu Qaror bilan belgilangan chora-tadbirlar yurtimizda tadbirkorlik faolaiyatini rivojlantirib, tadbirkorlik faoliyatidagi tizimli muammolarni bartaraf etib, yurtimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi desak adashmagan bo‘lamiz.

A.G.Saliyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Ma’muriy sudi sudyasi