BILIMLI VA HUNARLI YOSHLAR – YURT TAYANCHI

Туман янгиликлари

Kasb-hunar ta’limi tizimi iqtisodiyot rivojining muhim komponenti hisoblanadi. Ushbu ta’limda yuqori malakali ishchi, kasb egalari, iqtisodiyotning o‘rta bo‘g‘ini mutaxassislari tayyorlanadi. Amudaryo tumanida ham yoshlarning kasb-hunar sirlarini mukammal o‘rganishlarini ta’minlash maqsadida 1- va 2-sonli kasb-hunar maktablari tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda ularda yoshlar kasb-hunar sirlarini puxta o‘rganishmoqda.

Qipchoq ovulidagi 1-sonli kasb-hunar maktabida 2022-2023-o‘quv yili davomida jami 304 nafar o‘quvchiga 28 nafar o‘qituvchi va 10 nafar ishlab chiqarish ta’limi ustalari ta’lim-tarbiya berib, kasb va hunar sirlarini o‘rgatishdi. Yil davomida o‘quvchilar bu dargohda kasb-hunar sirlarini o‘rganish bilan birga oliy o‘quv muassasalariga chuqur tayyorgarlik ko‘rib, talabalar safiga qo‘shilishga muyassar bo‘lishdi. Shuningdek, 4 nafar o‘quvchi ingliz tili fanidan xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Mazkur o‘quv yilida kasb-hunar maktabini 160 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, shundan 36 nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.

So‘lim tabiatli, ko‘kalamzor hududda joylashgan ushbu ta’lim muassasasida 240 o‘rinli o‘quv ustaxonasi, 120 o‘rinli oshxona va 100 o‘rinlik o‘quvchilar turar joyi mavjud. O‘quv muassasasida ta’lim olayotgan yoshlarning kasb va hunar sirlarini puxta o‘rganishlarini ta’minlash maqsadida tumandagi korxona, tashkilot va muassalar bilan o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tashlari uchun 12 ta hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Hozirgi kunda mazkur shartnomalarga ko‘ra belgilangan korxona-tashkilotlarda o‘quv jadvaliga asosan ishlab chiqarish va diplom oldi amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Kasb-hunar maktabida 2023-2024 o‘quv yili oldidan ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilib, o‘quvchi-yoshlarning sifatli ta’lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Bu yilgi o‘quv yilida 1-bosqichga 8 ta yo‘nalish bo‘yicha 205 nafar o‘quvchi qabul qilinib, hozirgi kunda ta’lim-tarbiya ishlari boshlab yuborildi. O‘quvchi-yoshlarga 28 nafar o‘qituvchi va 9 nafar ishlab chiqarish ustalari ta’lim-tarbiya berishmoqda.

Hozirgi kunda kasb-hunar maktabida o‘quvchilar avtomobil dvigatellarini tashxislash va ta’mirlash, avtomobil elektr va elektron jihozlariga xizmat ko‘rsatish, axborot vositalari mashinalari va kompyuter tarmoqlari operatori, tikuvchi, o‘t o‘chiruvchi, traktorchi-mashinist, raqamli axborotlarni qayta ishlash ustasi, elektrik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga o‘rgatilmoqda. Ularga bilimdon o‘qituvchilar tomonidan umumta’lim fanlardan to‘liq bilimlar berish bilan birga, tajribali ishlab chiqarish ustalari kasb va hunar sirlarini mukammal o‘rgatishga harakat qilishmoqda. Shuningdek, maktabda tikuvchi va payvandlovchi yo‘nalishlari o‘quvchilari o‘rtasida turli tadbirlar, tanlovlar o‘tkazilib, yoshlarning tanlagan kasbiga bo‘lgan qiziqishlari yanada oshirilmoqda.

Ushbu dargohda o‘quvchilarni kitobxonlikka jalb etishga ham alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Muassasadagi kutubxonada 24 mingdan ortiq turli xil mazmundagi adabiyotlar mavjud bo‘lib, turli xildagi yangi adabiyotlar, elektron darsliklar keltirilgan. O‘quvchilar kutubxonaga tashrif buyurib, bu yerdagi kitoblarni mutolaa qilishadi va bilimlarini oshirib, dunyoqarashlarini kengaytirib borishmoqda.

Ayni davrda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari barobarida tadbirkorlik, kichik biznes, oilaviy biznes, tomorqa biznesi, qurilish, xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi tez sur’atlarda ravnaq topayotgan sohalar uchun ishchi kasblar bo‘yicha malakali kadrlar zarur. Shu sababli kasb-hunar maktabida o‘quvchi-yoshlarning har tomonlama yetuk, zamonaviy bilimlarga ega, jamiyatda o‘z o‘rniga ega insonlar bo‘lib yetishishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Kasb va hunar insonga umri davomida hamroh bo‘ladi. To‘kis, baxtli hayot kechirish uchun kasb ham, hunar ham o‘rganish kerak. O‘z kasbining ustasi, hunarli kishilarning rizqi butun, turmushi farovon bo‘ladi.

Shu o‘rinda yoshlarga kasb-hunar sirlarini puxta o‘rgatayotgan, mamlakat iqtisodiyoti rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shuvchi yetuk mutaxassislarni tayyorlash yo‘lida o‘zlarining bor bilimi va tajribasini safarbar qilayotgan o‘qituvchilar va o‘quvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalarini kasb bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklaymiz! Hamisha kasbingizdan kamol topib, mashaqqatli mehnatlaringizning rohatini ko‘rib yashang, aziz ustozlar!

O.Xudoyberganova