MAS-RESTLING SPORT TURI BOʻYICHA 12-SONLI MAKTABDA MAHORAT DARSI BOʻLIB OʻTDI

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sportga ommaviy jalb qilish orqali yoshlarning salomatligini mustahkamlash, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga doimiy ravishda e’tibor qaratilib kelinmoqda.

Aholi o‘rtasida ayniqsa, maktab o‘quvchilari o‘rtasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni keng targ‘ib qilish borasida ko‘pgina chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mahallalarda, ko‘p qavatli uylar atrofida “Salomatlik yo‘laklari”, maktablarda, mahallalarda sport maydonchalari qurilib, to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

27 sentyabr kuni tumanimizdagi 12-sonli umumta’lim maktabining zamonaviy sport zalida yangidan faoliyatini boshlagan mas-restling to‘garagi a’zolari uchun ushbu sport turi ustalari mahorat darsi o‘tkazishdi.

Mahorat darslarida O‘zbekiston bodibilding, fitness va mas-restling Federatsiyasi bosh kotibi hamda Osiyo mas-restling Federatsiyasi bosh kotibi Farhod Matkarimov, mas-restling sport turi bo‘yicha O‘zbekiston bosh murabbiyi Ilyos Qodirov, ushbu sport turi bo‘yicha bir necha bor O‘zbekiston chempioni, jahon chempionati sovrindorlari, Osiyo chempionati g‘oliblari hamda xalqaro toifadagi sport ustalari, maktab rahbarlari, o‘qituvchilari, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar.

Tadbirni maktab direktori Mahmud Qutlimuradov ochib berdi.

O‘zbekiston bodibilding, fitness va mas-restling Federatsiyasi bosh kotibi hamda Osiyo mas-restling Federatsiyasi bosh kotibi Farhod Matkarimov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar, chekka hududlarda yangidan qad rostlayotgan sport inshootlari va natijada sportning tobora ommalashayotgani haqida aytib o‘tdi.

Mas-restling sport turi bo‘yicha bosh murabbiy Ilyos Qodirov so‘zga chiqib, navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk hamda zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini puxta o‘zlashtirgan mutaxassislar etib tarbiyalash, ta’lim maskanlarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishidan biri ekanligini aytib o‘tdi. Ushbu hudud yoshlarining sportga qiziqishlari inobatga olingan holda maktabda o‘z faoliyatini boshlagan mas-restling to‘garagi a’zolarining qisqa muddatda o‘yin texnikalarini yaxshi o‘zlashtirganiga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng to‘garak a’zolari uchun sport ustalari mahorat darsini o‘tkazishdi. Mashg‘ulotlar davomida har bir ishtirokchi ushbu sport turi bo‘yicha ko‘proq bilim va malakaga ega bo‘lishga harakat qilib, berilgan topshiriqlarni bexato bajarishga intildilar. Yoshlar o‘rtasida mas-restling sport turiga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish hamda targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda 30 nafar o‘quvchi yoshlar shug‘ullanib kelmoqda.

Mahorat darsidan keyin ishtirokchilarning ushbu sport turi bo‘yicha kuchlarini va epchilliklarini sinovdan o‘tkazish maqsadida maxsus musobaqa tashkil etildi.

Musobaqada mahalladagi hokim yordamchisi Shahzod Karimov hamda maktab direktori homiyligida g‘olib ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘a hamda diplomlar bilan taqdirlandilar.

Tuman hokimligi Axborot xizmati