ELLIK YILDAN KEYINGI DIYDOR

Туман янгиликлари

Joriy yilning 29 sentyabr kuni Amudaryo tumanidagi 3-sonli umumiy o‘rta maktabni 1973 yilda tugatgan sobiq bitiruvchilarning 50 yillik yubiley uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu dargohni ellik yil muqaddam tamomlagan sobiq o‘quvchilar diydorlashuvi maktab binosida tashkil etildi.

Uchrashuvga Respublikamizda fan, ta’lim, harbiy sohada, xususiy tadbirkorlikda, pedagogika sohasida faol mehnat qilib kelayotgan 28 nafar bitiruvchilar tashrif buyurishdi. Maktabning sobiq o‘quvchilari nafaqat tumanimizda, balki Respublikamizda ham o‘zlarining faol xizmatlari, ulkan tajribalari bilan tanilgan yetuk mutaxassislar bo‘lib, Vatanimiz ravnaqi uchun hissa qo‘shayotgan, hozirgi kunda o‘zining boy amaliy tajribasi bilan o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘rnak bo‘layotgan aziz insonlardir. Uchrashuvda ularning ustoz-murabbiylari ­– kimyo-biologiya fani o‘qituvchisi Injigul O‘temuradova, matematika fani o‘qituvchisi Uzoqbergan Xo‘jamberganov, fizika fani o‘qituvchisi Sarsenboy Tajimuradov, musiqa fani o‘qituvchisi Zulfiya Allamberganova, rus tili o‘qituvchisi Jumat Baymanovlar ham qatnashdilar.

Sinfdoshlar tomonidan tashkil etilgan uzoq yillik uchrashuv bayram tantanalariga aylanib ketdi. Tadbirning tashkiliy qismi maktab binosida o‘tkazildi.

Tadbirda sobiq ustozlar, faxriy o‘qituvchilar so‘zga chiqib, sobiq o‘quvchilarni maktabni bitkazganiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan uchrashuv bilan muborakbod etdilar. Ularga maktab hayoti, o‘quvchilik yillariga doir qiziqarli ma’lumotlar, hayotning totli onlari xususida iliq fikrlarini bayon etdilar. Sinfdoshlar ham oltin yoshlikning unutilmas lahzalari, ustozlarga bo‘lgan mehr-muhabbati hamda do‘stlari bilan bog‘liq sog‘inch hislari haqida dil izhorlarini bayon qildilar.

Mehmonlar zamonaviy jihozlangan xonalarda ta’lim olayotgan bugungi kun o‘quvchisiga havas bilan qarashar ekan, bugun yurtimizda ilm-fan va texnologiyalarning jadal o‘sishi, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilib, ularning iste’dodi va qobilyatlarini to‘liq amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Sinfdoshlar maktab partalarida o‘tirar ekan, o‘quvchilik davrida kechgan qiziqarli voqealar, ajoyib sarguzashtlarni maroq bilan eslashdi. Uchrashuvga kelgan mehmonlarga maktabning hozirgi hayoti, o‘quvchilar va o‘qituvchilar jamoasining ilm-fandagi yutuqlari haqida ma’lumotlar berildi.

Bundan 50 yil oldin maktabni tugatgan sobiq o‘quvchilar ta’lim maskani oldida esdalik fotosuratlariga tushdilar va ustozlarga ta’zim bajo keltirib, maktab rahbariyatiga, ustoz-murabbiylariga ulkan zafarlar va muvaffaqiyatlar tiladilar.

Sinfdoshlar o‘rtasidagi do‘stlik tuyg‘usi insonni ma’naviy qo‘llab-quvvatlovchi, uning og‘irini yengil qiluvchi, ruhiyatini ko‘taruvchi, o‘ziga ishonch orttiruvchi kuch hisoblanadi. Insonda do‘stlik, birodarlik, o‘zaro ishonch tuyg‘ulari darhol yuzaga kelib, o‘z-o‘zidan mustahkamlanib qolmaydi, balki yillar davomida shakllanib boradi.

Ana shunday mustahkam do‘stlik rishtalari bilan bir-biriga jips bog‘langan, oradan 50 yil o‘tsada bolalik, o‘smirlik va yoshlik damlarini qo‘msab, uchrashuvga kelgan sinfdoshlar diydori bir piyola choy ustida davom etdi.

Sinfdoshlar uchun yozilgan dasturxon atrofida do‘stona suhbat va o‘yin-kulgu uzoq vaqt davom etdi. Sinfdoshlarning sog‘inchli diydorlashuvi uzoq yillar xotirada muhrlanib qoladigan darajada yuqori saviyada o‘tdi.

Sevara ISMOILOVA