ISTEʼMOLCHILARNI ICHIMLIK SUVI BILAN TAʼMINLASHDA MUAMMO BOʻLMAYDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani aholisining ma’lum qismi, ya’ni 81,8 ming kishi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Tumanda jami 337,2 km. uzunlikda suv tarmoqlari mavjud bo‘lib, 6436 xonadonga maxsus avtotransportlar orqali ichimlik suvi tashib berish yo‘lga qo‘yilgan.

2021 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida Xitoy ovuli hududida 2ta, Jumurtov shaharchasi hududida 2ta hamda Yuqori qishloq mahallasi hududida 1tadan  suv tozalash shoxobchasi qurilib, aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanishiga sharoit yaratildi.

Bundan tashqari, Amir Temur nomli ovul hududida yangidan suv tarqatish inshooti va 11,2 km. suv tarmog‘i qurildi. Natijada Amir Temur nomli hamda Oq oltin ovullari hududidagi suv tarqatish inshootlari rekonstruksiya qilinib, 7,9 km. uzunlikdagi yangidan suv tarmog‘ini qurish ishlari bajarildi.

Prezidentimizning 2020 yil 11 noyabrdagi tegishli Qaroriga asosan 2022 yilda 35-sonli suv tarqatish inshooti rekonstruksiya qilinib, 17,3 km. suv tarmog‘i qurildi, natijada Oq oltin ovuli hududidagi yana 559ta xonadonni markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish imkoni yaratildi.

“Obod qishloq” Davlat dasturi asosida To‘lqin ovulida 4ta, Ayoqchi mahal-lasida 2ta yuqori quvvatga ega suvni chuchuklantiruvchi stansiyalar yangidan qurildi hamda 550ta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Joriy yilda Namuna MFY hududida yangidan 1ta suvni chuchuklantiruvchi stansiya qurilishi hamda 8,2 km. suv tarmoqlari tortilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar nihoyasiga yetkazilmoqda. Mazkur inshootlar qurib, bitkazilgach, 236ta xonadonning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi.
Shuningdek, Qum yop mahallasi hududida ham yangidan 1ta suvni chuchuklantiruvchi stansiya qurilishi hamda 10,5 km. suv tarmoqlari tortilishi rejalashtirilgan bo‘lib, jami 332ta xonadon ichimlik suv bilan ta’minlanishi kutilmoqda.

Prezidentimizning 2023 yil 30 mart kungi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida belgilangan rejaga ko‘ra, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida ayni paytda Besh tom mahallasi hududida yangidan 11,4 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortish ishlari olib borilmoqda. Mazkur inshootlar ishga tushirilgach, 364ta xonadon markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, tumanda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan qurilish ishlari, xususan, Qipchoq ovuli hududida kuniga 40000 kubometr suv tozalash quvvatiga ega inshoot, Kuyuk ko‘pir ovuli hududida yangidan suv taqsimlash inshooti qurilishi, O‘rta qal’a ovuli hududida RU-1 suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya qilish, Ayoqchi, Xizr eli mahallalari va Qilichboy ovullar hududlarida yangidan ichimlik suv tarmog‘i tortish, Qilichboy suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya qilish, shuningdek, tuman hududida 54,3 km. magistral suv tarmog‘i, 236,5 km. ko‘cha suv tarmoqlarini qurish ishlari uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, tender savdolariga e’lon berilishi kutilmoqda.

Joriy yil kuz-qish mavsumida aholini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 3ta elektronasos, 2ta transformatorlarda, tuman hududidagi mavjud ichimlik suvi tarmoqlarida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi.

Ichimlik suvi tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf qilish uchun ekskavator va kerakli asbob-uskunalar hamda zarur ehtiyot qismlar shay holatga keltirildi.

Hozirgi kunda ichimlik suvi isrof qilinishining oldini olish maqsadida aholi xonadonlari, korxona va tashkilotlar binolariga o‘rnatilgan suv o‘lchagich uskunalari ko‘zdan kechirilib, yangidan ichimlik suvi tarmog‘iga ulanayotgan aholi xonadonlari, korxona va tashkilotlar binolariga ichimlik suvini o‘lchash uskunalarini o‘rnatish va ichimlik suvidan oqilona foydalanish hamda isrofgarchilikning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Xurshidbek JUMANIYOZOV,

“Qoraqalpoq suv ta’minoti” MCHJ Amudaryo tumani filiali boshlig‘i.