Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi rahbariyatining sayyor qabuli oʻtkazildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda o‘tayotgan sayyor qabullar aholining muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Shu sababli ham bugungi kunda yurtimizda xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo insonning huquq hamda manfaatlarini ta’minlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun ko‘plab sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan sayyor qabullar jarayonida aholining muammolari o‘rganilib, ko‘plab muammolar ijobiy hal etilishiga erishilmoqda.

Joriy yilning 12 oktyabr kuni Amudaryo tumanining Olmazor mahallasi hududida joylashgan 82-sonli maktab binosida Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi rahbariyatining jismoniy va yuridik shaxslarning bugungi kundagi sohaga oid muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish maqsadida navbatdagi sayyor qabuli o‘tkazildi.

Sayyor qabulda Axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari xizmatlaridan foydalanishda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Shuningdek tuman aholisiga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida telekommunikatsiya stansiyalar soni 6taga, optik liniyali terminal uskunalari soni 10taga hamda ularning umumiy sig‘imi 18,3 ming raqamga yetkazilganligi qayd etildi.

Shu yo‘nalishda olib borilgan ishlar natijasida yil boshidan 274,7 kilometr masofada optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 1 ming 249 kilometrga, keng polosali portlar soni 6 ming 280taga oshirilib, ularning umumiy sig‘imi 15 mingtaga yetkazildi.

Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bilan bir qatorda tumanda 240ta ijtimoiy soha obyektlarida internet xizmatlariga ulanish imkoniyati yaratildi. Jumladan, Xalq ta’limi bo‘limlarida 88ta, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 51ta, tibbiyot muassasalarida 15ta, mahalla va ovul binolari uchun 49ta hamda profilaktika inspektorlarining xizmat xonalariga 37ta optik tolali aloqa liniyalari o‘rnatildi.

Shuni ta’kidlash joizki, tumanda mobil aloqa qamrovini kengaytirish hamda sifatini yaxshilash maqsadida 11ta yangi va 18ta tayanch stansiyalar keng polosali texnologiyalarga modernizatsiya qilindi.

Sayyor qabul ishtirokchilardan kelib tushgan murojaatlarning aksariyatiga qabul davomida mas’ul rahbar va xodimlar tomonidan huquqiy ma’lumot berildi, qolgan murojaatlarni o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqib, ijobiy hal qilish uchun nazoratga olindi.

Shu bilan birga, “O‘zkomnazorat” tashkilotining uzluksiz ishlaydigan 1144 raqamli ishonch telefoni hamda telegramdagi “Aloqa nazorat” guruhi orqali ham murojaat yo‘llash imkoniyatlari yaratilganligi haqida aytib o‘tdi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati