YOSH IJODKORNING ILK KITOBI TAQDIMOTIGA BAGʻISHLANGAN TADBIR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo telekanali tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlikka jalb etish, intellektual salohiyatini oshirish maqsadida turli tanlovlar, kitoblar ko‘rgazmasi, yangi asarlar taqdimotlari o‘tkazilib borilmoqda. Loyiha rejasiga ko‘ra o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar yoshlar ma’naviy dunyosini boyitish, kitob o‘qishga qiziqishlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu grant loyihasi ish rejasiga muvofiq Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabida yosh ijodkor Mashhura Rajabovaning yaqinda nashrdan chiqqan “Ko‘nglim” deb nomlangan ilk she’riy to‘plami taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

12 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda tahririyat xodimlari, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Muyassar Rahmatullayeva, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Mohira Sobirova, tuman Axborot kutubxona markazi xodimlari hamda o‘quvchi-yoshlar qatnashishdi.

Tadbirda maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Mohira Sobirova inson hayotida kitoblar va kitobxonlikning ahamiyati, tafakkur va dunyoqarashni kengaytirishdagi o‘rni haqida so‘zladi. Shuningdek, tahririyat xodimlari grant loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar, turli tanlovlar, ularda ishtirok etib g‘olib bo‘layotgan, kitobxonlikka qiziqishi yanada ortayotgan yoshlar, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumotlar berishdi. Iqtidorli ijodkor Mashhura Rajabova hamda uning “Ko‘nglim” deb nomlangan ilk she’riy to‘plami bilan tanishtirib o‘tishdi.

Mashhura Rajabova 2009 yilda Mang‘it shahrida tavallud topgan. U hozir tumandagi 82-sonli maktabning 9-sinfida o‘qiydi. Mashhura badiiy adabiyotga bolaligidan juda qiziqadi, ko‘p badiiy kitoblar mutolaa qiladi. Uning uyidagi kitob javonidan o‘zbek adiblarining turli janrlardagi asarlari, atoqli shoirlarning she’riy to‘plamlari bilan birga mumtoz va chet el adabiyotiga doir kitoblar o‘rin olgan. Bo‘sh vaqtlarida she’rlar mashq qilib turadigan ijodkor qiz tumandagi “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyatidagi tajribali jurnalistlarga o‘z ijod namunalarini ko‘rsatib, maslahat va tavsiyalarini tinglaydi. Har bir ijodiy ishi ustida qayta va qayta ishlab, mukammallashtirishga harakat qiladi.

Mashhuraning “Ko‘nglim” deb nomlangan ilk she’riy to‘plamidan Vatan, do‘stlik, tabiat, mehr-oqibat, ezgulik haqidagi qirqqa yaqin she’rlar joy olgan. Havaskor shoiraning ustozi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Robiya Yo‘ldosheva ta’rif berganidek, uning she’riy satrlarida jigarbandlik mehri, do‘stlikning qudrati, mehnatning ulug‘ligi, va insonning qadr-qimmati haqidagi fikrlari aks etgan. Ijodi bilan tanishib borish jarayonida ko‘nglidagi jo‘shqinlikni, samimiy tuyg‘ular va kelajak haqidagi ulkan orzularini anglash, his qilish mumkin.

Yosh ijodkorning ilk she’riy to‘plami taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etgan o‘quvchi-yoshlar uning ijodiyotiga katta qiziqish bildirib, adabiyot va she’riyat haqidagi turli savollariga javoblar olishdi. Adabiyotga qiziquvchi o‘quvchilar havaskor shoiraning shu paytga qadar o‘qigan kitoblari, asosan qaysi janrdagi adabiyotlarni ko‘proq mutolaa qilishi va ijod namunalari haqida suhbatlashishdi.

Tadbir yakunida Mashhura Rajabova Ixtisoslashtirilgan maktab kutubxonasi va tuman Axborot kutubxona markaziga o‘zi kabi yoshlarni ham she’riyati bilan tanishtirish maqsadida “Ko‘nglim” deb nomlangan kitobchasini sovg‘a qildi. Bo‘lib o‘tgan tadbirdan katta taassurotlar olgan yoshlar va maktab ma’muriyati ham barchasi uchun minnatdorchilik bildirishdi.

Amudaryo telekanali tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida yosh ijodkor Mashhura Rajabovaning “Ko‘nglim” deb nomlangan ilk she’riy to‘plami taqdimotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ushbu tadbir barchaga birdek manzur bo‘ldi.

O.Xudoyberganova.