OLMAZOR MAHALLASIDA XALQARO QIZLAR KUNIGA BAGʻISHLANGAN TADBIR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Ushbu kunga bag‘ishlab Amudaryo tumanidagi Olmazor mahallasida joylashgan 82-sonli maktabda ham “Qizlar” klubi a’zolari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

11 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirga tashrif buyurganlar dastlab maktab foyesida qizlarning qo‘l mehnatlari namunalari, yumshoq o‘yinchoqlar, rang-barang quroqlar, ayollar liboslari va boshqa narsalar namoyish etilgan ko‘rgazmani tomosha qildilar.

 Tadbir mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli O‘rozgul Yakubova, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirokidagi davra suhbati bilan boshlandi. Suhbat davomida BMT Bosh Assambleyasining 2011 yil 10 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11 oktyabr "Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingani, BMTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalariga ushbu kunni keng miqyosda nishonlash, shuningdek, butun dunyoda qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish tavsiya etilgani, bu sana har yili butun jahon bo‘yicha qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratish maqsadida nishonlanib kelinayotgani to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Shu bilan birga bu borada yurtimizda ham millat davomchilari bo‘lmish qizlarni ma’rifatli qilib voyaga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani, Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlarida qizlarni har tomonlama yetuk, yuksak axloqli, bilimli va milliy kadriyatlarga hamda ona Vatanga sodiq farzandlar qilib tarbiyalash vazifasi belgilab berilgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Shundan so‘ng, maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Zulxumor Saparova, to‘garak rahbarlari Dildora Xolboyeva, Sevara Boltaboyevalar tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir maktabning faol o‘quvchi-qizlari ishtirokidagi madaniy-musiqiy dastur bilan davom ettirildi.

Maktabdagi fan, adabiyot, sport va boshqa yo‘nalishlarda yutuqlarga erishib kelayotgan o‘quvchi-qizlar ham sahnada o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi. Sportchi qizlar ijrosidagi gimnastika mashqlari, adabiyotchi qizlar ifodali aytib bergan she’rlar, qo‘shiq va raqslar tomoshabinlarga xushnudlik baxsh etdi.

Ta’kidlanganidek, 82-sonli maktabda tahsil olayotgan 527 nafar o‘quvchidan 266 nafarini qiz bolalar tashkil etadi. Maktabdagi iqtidorli qizlardan Sarvinoz Ermanova sportning gimnastika turi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqyosida ko‘plab yutuqlarga erishgan. Maktab yoshlari sardori, 10-sinf o‘quvchisi Mahliyo Jumaboyeva esa Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi huzurida tashkil qilingan “Qizlar ovozi” klubida bandlik va ishbilarmonlik yo‘nalishi bo‘yicha koordinatori sifatida o‘z loyihalari bilan tanilgan.

Bichish-tikish to‘garagining faol a’zosi, 9-sinf o‘quvchisi Iroda Yangiboyeva, san’at yo‘nalishidagi to‘garak a’zosi, 5-sinf o‘quvchisi Dilrabo Ermanovalar ham ko‘plab tanlovlarda g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha iqtidorli qiz, 9-sinf o‘quvchisi Mashhura Rajabovaning 2022 yilda "Ko‘nglim" nomli she’riy to‘plami nashr qilingan.

O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari, o‘z iqtidorlarini yuzaga chiqarishlari uchun ta’lim maskanida yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Yoshlarning ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanayotgani erishilayotgan yutuqlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir o‘quvchi-qizlarning qiziqishlarini yanada rag‘batlantirish, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tengdoshlari o‘rtasida hamkorlik va tashabbuskorlik muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.

O.Xudoyberganova.