6 OYLIKKACHA BOʻLGAN BOLALARDA OʻTKAZILADIGAN PROFILAKTIK EMLASHLAR DAVOM ETMOQDA

Туман янгиликлари

Yuqumli kasalliklarning oldini olishda profilaktik emlashlar katta ahamiyatga ega. Tibbiyot xodimlari aholi immunizatsiyasiga doir xizmatni taqdim etish jarayonida hamisha milliy emlash taqvimiga tayanadi va vaksinalar bilan ishlash yo‘riqnomalariga amal qiladi.

Keyingi yillarda Respublikada immunnoprofilaktika ishlarining samarali o‘tkazilishi natijasida ko‘pgina yuqumli kasalliklar, jumladan, boshqariladigan infeksiyalarni sezilarli darajada kamaytirilishiga erishildi. Ayniqsa, bolalarni emlash ishlarini takomillashtirishga katta ahamiyat berilmoqda.

Immunoprofilaktika tadbirlarining samarali o‘tkazilishi natijasida respublikada 1995 yildan boshlab, bolalarda poliomiyelit kasalligi, 2002 yildan difteriya, chaqaloqlar qoqsholi, 2001 yildan boshlab tug‘ilgan bolalar o‘rtasida Virusli gepatit V kasalligi qayd qilinmadi. Qizamiq va qizilcha kasalliga qarshi emlangan bolalar o‘rtasida kasallik qayd qilinmadi. Milliy taqvim asosida respublikamizda bo‘lganidek tumanimizda ham har yili 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash o‘tkaziladi.

Amudaryo tumanida profilaktik emlash ishlarini o‘tkazish uchun tibbiyot xodimlari har yil o‘qitilib, bilim saviyasi oshiriladi va sertifikatlar beriladi.

Tumanda ayni kunlarda 2 oylikkacha bo‘lgan bolalarni profilaktik emlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Joriy ilning 11 oktyabrida tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limi mudirasi Gulshod Tojiboyeva tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq kompleksida bo‘lib, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning kasalliklarga qarshi ilk emlanishini nazorat qildi. U dastlab bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi va emlash ishlarini olib boruvchi xodimlar bilan suhbatlashdi. Emlashning chaqaloqning kelgusidagi hayotidagi ahamiyatini, emlash jarayoniga yuksak mas’uliyat bilan qarash lozimligini keng tushuntirdi.

Shuningdek, Gulshod Tojiboyeva tuman ko‘ptarmoqli markaziy poliklinikasidagi emlash punktida ham bo‘lib 2 oylik bolalarni kasalliklarga qarshi emlash jarayonlari bilan tanishdi, jarayonni sifatli o‘tkazishga doir zarur tavsiyalar berdi.

Profilaktik emlashlar tuman Tibbiyot birlashmasining tug‘ruq kompleksi, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadan tashqari oilaviy va oilaviy shifokorlik punktlaridagi emlash xonalarida ham o‘tkazilmoqda.

Tumanimiz bo‘yicha 2 yoshgacha 14225 nafar bola bo‘lib, barchasi 98-100 foiz emlash bilan qamrab olinadi. Buning uchun emlash punktlari vaksinalar bilan yetarli ta’minlangan. Vaksinalarni hududiy emlash punktlariga olib borib berish uchun maxsus mashina ajratilgan. Emlash xonalar sovutkichlar, zarur jihozlar va shokga qarshi dori-darmonlar bilan ta’minlangan.

Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal. Shuning uchun davlatimiz tomonidan bolalarni kasalliklarga qarshi profilaktik emlashga yuksak e’tibor qaratilmoqda.

Katta mablag‘lar evaziga yetkazib berilayotgan vaksinalar bilan bolalarning o‘z vaqtida emlanishini ta’minlashga ota-onalar ham mas’uliyat bilan qarashlari lozim. Zero, bolalar ­– yurtimiz kelajagi!

Oygul RAJABOVA.