OʻQUVCHI-YOSHLARGA YANGI KITOBLAR TARGʻIB ETILDI

Туман янгиликлари

Buyuk ma’naviyat targ‘ibotchisi, donishmand Muhammad Jabalrudiy: “Kitob olimlar fikrining panohgohi, dono kishilar bo‘stonining chamani, oddiy kishilarning tomoshagohidir. U kimsasiz kishilarga dil ochuvchi bog‘, ko‘ngli shikastalarga rahnomadir. U hamma yerda barcha kishilar bilan oshno, dardli kimsalar diliga davodir”, degan edilar.

Darvoqe, kitob o‘z sehr-u sinoati bilan insoniyat o‘qish-yozishni bilgan kunidan boshlab o‘ziga maftun etib keladi. Asrlar davomida o‘zlarining mo‘jizakor kashfiyotlari bilan nom qozongan buyuk donishmandlar ham o‘zlaridagi beqiyos ma’naviy-ma’rifiy qudratni kitobdan olganlar. Shu bois, aqlli insonlar har qanday sharoitda ham kitobxonlikni o‘zlari uchun asosiy mashg‘ulot sifatida qabul qilganlar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi asosida O‘zbekiston Respublikasi aholisiga kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida Amudaryo tuman Axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Markaz xodimlari tomonidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tuman Ixtisoslashtirilgan maktabida o‘zbek adabiyotining atoqli namoyondasi O‘tkir Hoshimov ijodiga bag‘ishlab tashkil qilingan targ‘ibot tadbiri ham shular jumlasidandir.

Tadbirda O‘tkir Hoshimovning asarlari bilan birgalikda kutubxonaga yangi olib kelingan adabiyotlardan kitob ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Kutubxonachi Sohiba Bazarboyeva tadbir ishtirokchilariga yozuvchining “Dunyoning ishlari” kitobi taqdimotini o‘tkazdi. Tadbir davomida yozuvchining ijodi va asarlari yuzasidan savol-javoblar tashkil etildi.

Adibning asarlarini katta qiziqish bilan o‘qib, bu asarlardan o‘zlari uchun hayotiy xulosalar chiqargan kitobxon yoshlar O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov qalamiga mansub boshqa asarlari xususida ham o‘z fikrlarini bildirishdi. Xususan, yozuvchining “O‘zbeklar” kitobiga jamlangan hayotiy hikoyalari, “Dunyoning ishlari” kitobidagi ona obrazi haqida so‘z yuritib, sharq ayollariga xos ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan o‘zbek onasiga cheksiz ehtiromlarini izhor etdilar.

Tadbir yakunida kutubxona xodimlari o‘quvchilarni kutubxonaga a’zo qilib, kitob o‘qishga da’vat qildilar.

O‘z navbatida o‘quvchi-yoshlar ham Amudaryo tumani Axborot-kutubxona markaziga borib kutubxonachi opalari tomonidan taqdimot etilgan yozuvchi va shoirlarning asarlari bilan yaqindan tanishish istagini bildirdilar.

R.RAMANOVA, Amudaryo tuman Axborot-kutubxona markazi xodimi