Ekinlarni toʻqsonbosti usulida ekish boʻyicha hududiy seminarlar oʻtkazildi

Туман янгиликлари

Aholining ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli piyoz va sarimsoqpiyoz kabi ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish ishlari qizg‘in sur’atlarda olib borilmoqda.

15 oktyabr kuni Amudaryo tumanining Qilichboy ovuli hududida faoliyat yurituvchi “Amirxon” fermer xo‘jaligida piyoz, sarimsoqpiyoz ekinlarini to‘qsonbosti usulida ekish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.

Dehqonchilikning to‘qsonbosti usuli yaxshigina daromad manbai hisoblanadi. Bu usulda qishning to‘qson kuni nazarda tutilgan bo‘lib, qish va bahor oylarida ham bozorlarimiz to‘kin-sochin, narx-navo barqaror bo‘lishida qo‘l keladi. Xalqimizda “To‘qsonda sug‘orsang, to‘qson botmon hosil olasan”, degan naql bejizga aytilmagan. Kuzda ekilib, qor ostida qoldirilgan sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Tog‘ayev, Prezident Administratsiyasi ishchi guruh a’zosi Sunatillo Sobirov, tuman hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Yo‘ldoshev hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari raislari qatnashdilar.

Seminarda 2024 yil hosili uchun fermer va dehqon xo‘jaliklarida piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlarini to‘qsonbosti usulida ekishning o‘ziga xos jihatlari, bu borada e’tibor qaratish lozim bo‘lgan agrotexnik talablar haqida hamda dala chetiga uzum, tut nihollarini o‘tqazish bo‘yicha tushunchalar berildi.

To‘qsonbosti usulida yetishtirilgan sabzavotlarning erta bahorda bozori chaqqon bo‘lishi hech kimga sir emas. Ushbu masalaga hukumatimiz tomonidan ham alohida e’tibor qaratilib, aholining sog‘lom ovqatlanishi, xalqimiz dasturxoni yil davomida har xil sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlanishi bugungi kunning dolzarb masalasi sifatida e’tirof etilmoqda. Bu borada Amudaryo tumanida ham qizg‘in ishlar olib borilmoqda.

Aytish joizki, keyingi yillarda respublikada tumanlarning ixtisoslashuvi, mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlari va suv bilan ta’minlanishi hamda boshqa omillarni e’tiborga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirishga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Shundan kelib chiqqan holda bu yil tuman bo‘yicha jami 1777 gektar maydonga piyoz, sarimsoqpiyoz kabi ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish rejalashtirilgan.

Oq oltin, Xolimbeg, Qilichboy, Do‘rman ovullarida bu borada ishlar yaxshi tashkil etilib, hududlardagi mehnatkash fermer, dehqon xo‘jaligi rahbarlari va tomorqa yer egalari har qarich yerdan samarali foydalanishmoqda.

Xususan, Oqoltin ovuli hududida 44,9 gektar yerga to‘qsonbosti usulida ekinlar ekish rejalashtirilgan. Hozirda 38,2 gektar yerdagi ekish ishlari yakunlandi.

Ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish fermer va dehqonlarga daromad keltirishi bilan birga, bozorlarimizda narx-navo barqarorligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shularni inobatga olgan holda amudaryolik dehqon va fermerlar hamda tomorqachilar kuzning iliq kunlaridan foydalangan holda ekish ishlarini qisqa fursatlarda yakunlash uchun barcha choralarni ishga solishmoqda.

Tuman hokimligi Axborot xizmati