HARBIYLAR ISHTIROKIDA VATANPARVARLIK OYLIGI DOIRASIDAGI TADBIRLAR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida ona Yurtga sadoqat va mehr-muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash, mard, jasur o‘g‘lonlar qilib kamolga yetkazish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism xizmatchilari va hamkorlikdagi tashkilotlar bilan birgalikda chegara oldi hududlarda bu borada vatanparvarlik oyligi doirasida olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Bu kabi tadbirlar Amudaryo tumanida ham bo‘lib o‘tmoqda. Ayniqsa, tumanning chegara oldi hududlarida bo‘lib o‘tayotgan ushbu tadbirlarga yoshlarimizni jalb etish qamrovi ortib, qatnashuvchilar safi kengayib bormoqda.

13 oktyabr kuni tumanning chegara oldi hududida joylashgan Qilichboy ovulidagi 83-sonli maktabda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism va mutasaddi tashkilotlar mas’ullari hamda o‘quvchilar ishtirokida “Amir Temur izdoshlari” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbir davomida maktab o‘quvchilariga zamonaviy yoshlarga qurol-aslahalar, harbiy-texnikalar ko‘rgazmasi namoyish etilib, ushbu vositalar va xizmat hayvonlaridan foydalanish to‘g‘risida atroflicha tushunchalar berildi. O‘quvchi-yoshlar harbiy qurol-aslahalar, texnikalar bilan tanishib, sohaga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortdi.

Undan tashqari, davlat mukofotiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar bilan maktab o‘quvchilari o‘rtasida davra suhbati tashkil etildi. Suhbat davomida mustaqillik yillarida O‘zbekistonda harbiy-siyosiy sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimiz xavfsizligi va tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga har jihatdan qodir, zamonaviy, eng yangi qurol-yarog‘lar va harbiy texnika bilan ta’minlangan, mutlaqo yangi Milliy armiya vujudga kelgani haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, bugungi kunda davlatimiz tomonidan harbiylar uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi. O‘tkazilgan tadbir jarayonida maktab o‘quvchilari harbiy xizmat to‘g‘risidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Tadbirda faol ishtirok etgan, iqtidorli va namunali o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qilindi.

Vatanparvarlik oyi doirasidagi tadbirlarda tumanning iqtidorli yoshlari rassomchilik, kasanachilik, robototexnika yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rgazmalari bilan qatnashishdi. Bo‘lib o‘tgan kitoblar ko‘rgazmasida ham harbiylar va yoshlar katta qiziqish bilan ishtirok etishdi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida sportning voleybol, shaxmat-shashka hamda stol tennisi yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Musobaqalarda ishtirok etgan ovul yoshlari o‘zlarining sport mahorati, chaqqonligi va epchilligini namoyish etib, g‘oliblik uchun intilishdi. Musobaqalar yakunida g‘oliblarga Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism tomonidan kitoblar jamlanmasi va diplomlar topshirildi.

Vatanparvarlik oyligi doirasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga yetkazish hamda yoshlar qalbida yurt kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘ularini oshirish kabi maqsadlarni ko‘zlab o‘tkazilgan ushbu tadbirlar qiziqarli lahzalarga boy bo‘ldi.

Vatanparvarlik oyligi doirasidagi bu kabi tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab davom etmoqda.

M.Habibullayev, harbiy xizmatchi