Yurtimizda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, olis va chekka hududlarda aholining malakali tibbiy xizmat olishi uchun sharoit yaratishga jiddiy e’tibor qaratilib, oilaviy poliklinika va qishloq shifokorlik punktlari tashkil etildi. Hozirgi kunda hududlarda faoliyat olib borayotgan ushbu tibbiyot maskanlari zaruriy jihozlar va bepul dori-darmonlar bilan ta’minlanganligi hamda ularda muolajalar olish uchun kunduzgi o‘rinlar mavjudligi bois fuqarolarning oddiy muolajalar uchun tuman markaziga sarson bo‘lib borishlariga barham berildi.
Amudaryo tumanining chekka hududida joylashgan Qangli ovulida ham oilaviy shifokorlik punkti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 8228 nafar aholi tuman markaziga borib yurmasdan, shu yerning o‘zida malakali tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rsatilayotgan sifatli tibbiy xizmatdan foydalanmoqda. Ushbu maskanda turli kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini amalga oshirish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Qangli oilaviy shifokorlik punkti zarur tibbiy asbob-anjomlar, laboratoriya jihozlari, EKG apparati bilan ta’minlangan. Qolaversa, shifokorlarning samarali faoliyat yuritishi, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Tibbiyot maskanidagi 5 nafar, shundan 3 nafari oliy toifali tajribali shifokorlar, 23 nafar, shundan 14 nafari oliy toifali o‘rta tibbiyot xodimlari aholi salomatligi yo‘lida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Maskanda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, alohida ehtiyojli oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish kabi vazifalarga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Hudud aholisining salomatligi muassasa xodimlarining doimiy nazoratida bo‘lib, muntazam ravishda zarur tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Tibbiyot xodimlari tomonidan kalendar reja asosida oyning belgilangan kunlarida ovul hududidagi bolalarda 13 turdagi yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ehtiyotdan emlash muolajalari olib borilmoqda. Shunga ko‘ra joriy yilning 6 oyi davomida 1164 nafar bolalar turli yuqumli kasalliklarga qrashi emlandi. Shuningdek, 2-10 yoshli bolalarni o‘rtasidagi kasalliklarni erta aniqlash maksadida o‘tgan 6 oy davomida jami 1278 nafar bola gijja kasalligiga qarshi tekshiruvdan o‘tkazildi. Ulardan 21 nafarida kasallik aniqlanib, ambulator sog‘lomlashtirildi. 3-18 yoshgacha bo‘lgan 2081 nafar bolalardan 2058 nafari ankogematologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida ommaviy va selektiv skrinigdan o‘tkazildi va 2 nafari dispanser nazoratiga olinib, gematolog bilan hamkorlikda sog‘lomlashtirildi.
Undan tashqari, 40 yosh va undan yuqori bo‘lgan 2525 nafar aholidan 2223 nafari yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta aniqlash maqsadida skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Ulardan 2 nafarida qandli diabet, 18 nafarida gipertoniya, 12 nafarida endokrin kasalligi aniqlangan bo‘lsa, hozirgi kunda ushbu bemorlar nazoratga olinib sog‘lomlashtirilmoqda.
Bachadon bo‘yni saratoni kasalligini erta aniqlash maqsadida 35-55 yoshdagi 1078 nafar ayol-qizlardan 635 nafari skrining tekshiruvidan o‘tkazildi va 2 nafar ayolda bachadon bo‘yni saratoni aniqlandi. Ko‘krak saratoni kasalliklarini aniqlash maqsadida 866 nafar 45-65 yosh ayollardan 42 nafari mammografiya tekshiruvidan o‘tkazilgan bo‘lsa, ulardan 1 nafarida saraton belgilari aniqlandi. Hozirda ushbu ayollar Respublika onkologiya dispanserida davolanishmoqda.
Ovul hududidagi 18-40 yoshgacha bo‘lgan 3080 aholidan 2045 nafari profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida esa 22 nafar fuqaroda kasallik aniqlandi va ularni ham sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi. Tug‘ish yoshidagi 2113 nafar ayol-qizlardan 2108 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida 444 nafarida ekstragenital kasalliklar aniqlandi. Ushbu ayollarning 51 nafari statsionar sharoitda, 360 nafari ambulatoriya sharoitida sog‘lomlashtirildi.
Qangli oilaviy shifokorlik punktida joriy yilning 6 oyi davomida homilador ayollarga va 1596 nafar tuqqan ayollarga, 3-15 yoshli 46386 nafar bolalarga antistrumin tabletkalari berilgan. Shuningdek, 18-35 yoshli 1154 nafar ayol-qizlarga foliy kislota tabletkasi tarqatilgan.
Ushbu tibbiyot maskanida umumiy amaliyot shifokori, patronaj hamshiralar sog‘ligidan shikoyat qilib kelgan bemorlarga xizmat ko‘rsatadi. Hududga biriktirilgan hamshiralar ham uyma-uy yurib, aholi salomatligini muntazam nazorat qiladi. Uning tavsiyasi asosida shifokor bevosita tegishli xonadonga borib, tibbiy muolajalar o‘tkazadi, ehtiyoj bo‘lsa, shifoxonaga yotish uchun yo‘llanma beradi.
Ovul aholisi shu yerning o‘zida malakali va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati yaratilganidan mamnun va xonadonlariga kelib, holidan xabar olib, sog‘lom turmush kechirishiga ko‘maklashayotgan tibbiyot xodimlaridan juda minnatdor.
O.Xudoyberganova