Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi masʼullarining sayyor qabuli boʻlib oʻtdi

Туман янгиликлари

Aholining muammolarini o‘rganish, aniqlash va ularni bartaraf etishda joylarda tashkil etiladigan sayyor qabullar alohida ahamiyat kasb etadi. Respublikamiz hududlarida ushbu yo‘nalishda alohida tizim yaratilgani eng dolzarb bo‘lgan muammolarning yechilishida muhim omil bo‘layotir.  

2023 yil 18 oktyabr kuni Amudaryo tumanining Boyovul mahallasida hududidagi 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktorining birinchi o‘rinbosari Zohidxo‘ja Tursunov tomonidan fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazildi. Unda tuman hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Yusupov, boshqarma boshlig‘i Azamat Ubaydullayevlar ishtirok etishdilar.

Sayyor qabulda qayd etilganidek, mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim asosida ish olib borilmoqda. Joylarda o‘tayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Ta’kidlash joizki, xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish yo‘lida tashkil qilinayotgan bunday sayyor qabullar avvalo insonning huquq hamda manfaatlarini ta’minlash, qolaversa, xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun sharoit yaratish sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘lmoqda.

Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ma’muriyati tomonidan Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan sayyor qabullar jarayonida aholining muammolari o‘rganilib, ko‘plab ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Bu galgi sayyor qabuldan ko‘zlangan maqsad ham tumanda yashovchi fuqarolarning sohaga doir muammolarini o‘rganish, ijobiy hal etilishiga ko‘maklashish, taklif hamda tavsiyalarini tinglashdan iborat bo‘ldi.

Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi tomonidan tashkil etilgan mazkur sayyor qabulda ovul va mahallalardan tashrif buyurgan fuqarolar, ayniqsa, nafaqa yoshidagi otaxon va onaxonlar ishtirok etdilar. O‘tkazilgan mazkur tadbirda fuqarolar o‘z muammolari xususida mas’ullarga murojaat etdilar.

Qabul davomida mas’ullarga fuqarolar tomonidan 15ta murojaatlar kelib tushdi. Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktorining birinchi o‘rinbosari Zohidxo‘ja Tursunov va boshqa mutasaddilar tomonidan aholida kelib tushayotgan murojaatlar tinglanib, fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek qonunchilikdagi o‘zgarishlar, yangiliklar hamda yaratilib berilayotgan imtiyozlar, qulayliklar to‘g‘risida yig‘ilganlarga batafsil tushunchalar berildi.

Jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Ubaydullayev har bir murojaatchi bilan ochiq muloqotda bo‘lib, murojaatlarda bayon etilgan muammolarni bartaraf etish choralari to‘g‘risida batafsil aytib o‘tdi.

Joylarda tashkil qilinayotgan bu kabi sayyor qabullar natijasida hukumat idoralari va xalq o‘rtasidagi ko‘rinmas devor olib tashlanib, yordamga muhtoj fuqarolar o‘z muammolarini mutasaddi tashkilot rahbarlariga to‘siqsiz yetkazishmoqda. Bu orqali esa ko‘plab muammolar joyida hal qilinib, xalq va davlat yagona bir maqsad – Vatan taraqqiyoti yo‘lida hamjihatlikda harakat qilayotir.

Tuman hokimligi Axborot xizmati