NAVOIY NOMLI MAHALLA YOSH QIZLARI “BUVIJONLAR MAKTABI” AʼZOLARI SUHBATIDAN BAHRAMAND BOʻLDILAR

Туман янгиликлари

Keksalar – xonadonlarimiz ko‘rki, yurtimiz fayzi. Ularning uzoq yillik hayotiy tajribalari o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabidir. Shuning uchun ham keksalari bor xonadonlarning fayz-u tarovati o‘zgacha, mahallalarda esa nuroniy onaxon va otaxonlar nafaqat o‘z farzandlari, nevara-chevaralari, balki qo‘ni-qo‘shnilar, mahalladoshlarining ham farzandlariga alohida mehr-muhabbat bilan pand-u nasihatlar berishadi, hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashlari uchun jon kuydirishadi. Shu bois, xalqimiz “bir bolaga yetti mahalla ota va ona” tamoyilini turmush tarzining, qolaversa, milliy-ma’naviy tarbiyaning bir qismiga aylantirishgan.

Amudaryo televideniyesi ijodkorlari tomonidan amalga oshirilayotgan “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli davlat granti loyihasi doirasidagi tadbirlar ham yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular ongida Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhini shakllantirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilning 16 oktyabr sanasida Mang‘it shahrining Navoiy nomli mahallasida bo‘lib o‘tgan “Onalar o‘giti” tadbiri ham o‘zining mazmun-mohiyatiga ko‘ra, mahallalarda va ta’lim muassasalarida yosh qizlarni turmushga tayyorlash, ayrim nizoli oilalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishga qaratilgani bilan tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.

Amudaryo televideniyesi, Navoiy nomli MFY mas’ullari va 30-sonli umumta’lim maktabi ma’muriyati hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda MFY faollari “Buvijonlar maktabi” a’zolari, nuroniy onaxonlar va mahallaning o‘smir yoshidagi o‘quvchi-qizlari ishtirok etishdi.

“Onalar o‘giti” tadbirini jurnalist Robiya Yo‘ldosheva ochdi va Amudaryo televideniyesining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” grant-loyihasi doirasidagi tadbirlarning maqsadi hamda undan kutilayotgan natijalar xususida batafsil to‘xtalib, bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda yoshlar tarbiyasi, ayniqsa, milliy-ma’naviy tarbiya eng muhim, dolzarb masala ekanligini ta’kidladi. Bu borada har lahzada ogoh yashash, tarbiyaviy ishlarni qat’iy intizom asosida yuritish har bir ongli insonning zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklashini, nuroniy onaxonlarimizning o‘git va nasihatlarini har bir yosh o‘ziga hayotiy shior sifatida qabul qilishi zarurligini qayd etdi.

Shundan so‘ng, Navoiy nomli mahalla xotin-qizlar faoli Gulbahor Xidirova o‘z faoliyati davomida mahallaning ko‘pni ko‘rgan, nuroniy onaxonlari bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari xususida so‘z yuritib, mahallada yosh qizlarni katta hayotga, turmushga tayyorlashda, eng avvalo ularni kasb-korli, odobli va hayoli qilib voyaga yetkazayotgan ibratli oilalar bekalariga minnatdorchilik bildirdi.

– Mahallamiz Mang‘it shahrining o‘zagi, – dedi nuroniy onaxonlardan O‘g‘iljon opa Normatova. – Chunki Mang‘it shahrining barcha mahallalari bizning Navoiy nomli mahalladan bir ildiz sifatida rivojlangan. Shuning uchun ham biz mahallamizning yanada obod va ko‘rkam, boshqa mahallalarga namuna bo‘lishi uchun barcha ishlarda hamjihatlikka intilamiz.

Darvoqe, ayni paytda mahallada 751ta xonadon tarkibidagi oilalarda 4500 nafar aholi istiqomat qilishadi. Hudud aholisining farzandlari ta’lim-tarbiya olayotgan 1-sonli va 30-sonli umumta’lim maktabiga mahalladoshlar alohida e’tibor qaratishadi. Ayniqsa, yosh qizlarni turmushga tayyorlash, erta va qarindoshlar nikohining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikdagi “Qiz bola – oilaning ko‘rki”, “Yaxshi, oqila qiz – mahalla faxri” mavzularidagi davra suhbatlari, nuroniy onaxonlar ishtirokidagi uchrashuvlarga balog‘atga yetgan va o‘smir qizlar, yosh kelinlar kengroq qamrab olinayotgani, o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlarning ta’sir doirasi ortib borayotganidan mahalladoshlar mamnun.

“Onalar o‘giti” tadbiri davomida 30-sonli maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilnoza Fayzullayeva, nuroniy onaxonlardan Bog‘dagul opa Ahmedova, O‘g‘iljon opa Normatova, Tozagul momo Otajonova, 1-sonli maktab o‘qituvchisi Gulchehra Qurbonboyeva, MFY xotin-qizlar faoli Gulbahor Xidirovalar qizlarni turmushga tayyorlash, ularni kasb-korli qilish, mahallada ajrashish yoqasiga borib qolgan oilalarni yarashtirish va ularni sog‘lom hayotga qaytarish yuzasidan qimmatli fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir davomida yosh qizlar o‘zlarining ota-onalari, mahallaning nuroniy onaxonlari bergan pand-nasihatlar, ularning o‘gitlari o‘zlari uchun yorqin hayot sahifalarini ochishda katta ahamiyat kasb etishini, inson hayotga bir marta kelishi va ana shu buyuk ne’matni Allohning ulug‘ in’omi sifatida qabul qilib, chiroyli tarzda yashash zarurligini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

“Onalar o‘giti” tadbiri ishtirokchilari bo‘lgan qizlar ko‘pni ko‘rgan nuroniy onaxonlar, “Buvijonlar maktabi” a’zolari bilan dildan, samimiy muloqot muhitini yaratgani uchun Amudaryo televideniyesi ijodkorlariga samimiy minnatdorchilik bildirdilar.

Robiya YO‘LDOSHЕVA