Yangi O’zbekiston – Yashil makonda birga yashaylik!

Туман янгиликлари

Tumanimiz mahalla faollari, nuroniylari, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining aholiga murojaati

Aziz yurtdoshlar!

Xabaringiz bor, o‘tgan yilning 2-fevral kuni  Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan  videoselektor yig‘ilishida chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar, keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilangan edi.

Joriy yilning 11-oktyabr’ kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda  25-oktyabrdan 1-dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilindi. Bu mavsumda respublika bo‘yicha  85 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan.

Ushbu loyiha Amudaryo tumanida ham uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Loyihaning kuzgi mavsumida tumanimizda esa  jami 488 ming  tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishni rejalashtirganmiz. Albatta bunda, hudud iqlimiga mos, allergik kasalliklar keltirib chiqarmaydigan ko‘chatlar ekiladi.

Xalqimizda bog‘ yaratish, ekilgan nihollarni parvarishlab, atrof-muhitni ozoda saqlash ota-bobolarimizdan qolgan azaliy qadriyatdir. Bugungi kunda mana shunday ezgu an’ana davom etayotganiga barchamiz guvoh bo‘lib, uning bevosita ishtirokchisiga aylanmoqdamiz.

Ko‘chat ekish ishlarini uyushqoqlik bilan amalga oshirish uchun hozirdanoq keng miqyosda tushuntirish-targ‘ibot ishlari boshlab yuborildi. Aholining, ayniqsa yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, ularda atrof-muhitga bo‘lgan ehtiyotkorona va do‘stona munosabat ruhini shakllantirish, bolalikdanoq tabiatga mehr-muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga e’tibor qaratmoqdamiz.

Aytish kerakki, yashil o‘rmonlar, daraxtzorlar tashkil etilishi Orolning qurishi oqibatida mintaqamizda yuzaga kelgan og‘ir ekologik muammolarni yumshatishda, atrof-muhit musaffoligini saqlashda ham muhim o‘rin tutadi.

Bu yil ham “Yashil makon” umum milliy loyihasi doirasida tumanning barcha hududlarida ommaviy obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi.

 

Hurmatli yurtdoshlar!

 

Ota-bobolarimiz azaldan ko‘chat ekib, bog‘ barpo qilishga alohida e’tibor qaratib kelganlar. Oilada o‘g‘il farzand tug‘ilsa, yaxshi niyatlar bilan unga atab uy quraman, deya ko‘chat o‘tqazganlar.

Shuni ham unutmaslik kerakki, “Yashil makon” umum milliy loyihasi – bir yillik tadbir emas! Ekologik muhit tobora o‘zgarib borayotgan bir davrda masalaga nihoyatda jiddiy e’tibor qaratishimiz, uni chinakamiga umummilliy harakatga aylantirishimiz lozim.

Shunday ekan, keling, har birimiz avvalo o‘z hovlimiz va ishxonamiz atrofiga, o‘z mahallamiz hududiga ko‘chat ekib, mevali daraxtlardan bog‘, manzarali daraxtlardan soya-salqin go‘shalar barpo qilaylik. Bu bilan yashil hududlarning ko‘payishi va havomizning musaffoligiga, qolaversa, dasturxonlarimiz to‘kinligi hamda ekologiyamizning yaxshilanishiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Darhaqiqat, tabiatda yashil hududlar kengaysa, yashil qalqonlar shakllantirilsa, bundan faqat foyda ko‘ramiz, rohatlanamiz, bashariyat kelajagi  kafolatlanadi. Demakki, yurtimizda keng quloch yoygan “Yashil makon” umummilliy loyihasi nafaqat bugunimizga, balki, yaqin va uzoq kelajagimizga daxldor hayotiy harakatdir.

Shunday ekan, barcha yurtdoshlarimizni daraxt ekish tadbirlarida faol ishtirok etib, yashil maydonlar ko‘lamini kengaytirish ishlariga o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirib qolamiz.