OBODLIK KOʻNGILDAN BOSHLANADI

Туман янгиликлари

Qilichboy zamini Amudaryo tumanining mehnatkash, mirishkor dehqon-u oqil farzandlari bilan taniqli go‘shasi. Bugungi kunda mamlakatimizda barcha jabhalardagi amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar, o‘zgarishlar ushbu hudud aholisi hayotida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Inson qadrini yuksaltirish, uning turmush sifatini oshirish orqali hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qilichboy ovuli hududi 1464 gektarni tashkil etadi. Tarkibidagi 82ta ko‘chadagi 8ta ko‘pqavatli uylarda, 1089ta yakka tartibdagi hovlilarda 1549ta oila istiqomat qiladi. Ulardagi o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, rus tatar, qirg‘iz va boshqa millatga mansub 5689 nafar aholi hamjihatlikda, biri birining urf-odatlari, an’analari va qadriyatlarini hurmat qilgan holda quda-anda, qarindosh bo‘lib yashab kelishayapti.

Jami aholining 270 nafari turli korxona va tashkilotlarda mehnat qiladi, 42 nafari tadbirkorlik, 2 nafari savdo-sotiq bilan, 37 nafari chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik bilan, 73 nafari tadbirkorlikning boshqa turlari bilan shug‘ullanishadi. Shuningdek, ovul aholisining 12 nafari o‘zini o‘zi band qilgan, 247 nafari mavsumiy ishlarda ishlaydi. Intiluvchan, ilmga chanqoq 110 nafar yoshlar yurtimizdagi turli oliygohlarda ta’lim olishadi.

Ovul aholisi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarda, aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishib, kelgusi hayoti yanada yorqin va farovon bo‘lishiga intilmoqdalar.

Yaqinda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman bo‘linmasining “Obod mahallam” nomli davlat granti loyihasi ish rejasiga muvofiq loyiha hamkorlari – Ekologik partiya tuman Kengashi va Amudaryo televideniyesi tahririyati hamkorligida mazkur ovulda o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholining tibbiy va ekologik madaniyatini oshirish, hududda obodlik va farovonlikni ta’minlash, fuqarolar yig‘ini tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

Shuni e’tirof etish kerakki, obodlik, farovonlikka intilish avvalo ovul aholisining ustuvor maqsadiga aylangan. Ko‘chalar bo‘ylari obodonlashtirilib, ko‘klamzorlashtirilgan, turli daraxtlar, gullar atrofga fayz berib turibdi.

“Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” deganlariday, har bir xonadon atrofidagi yashillik, tomorqadan unumli foydalanish, qo‘shimcha daromad topish borasidagi sa’y-harakatlar natijasi ko‘rgan ko‘zni quvontiradi.

Ovuldagi Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan qilichboylik jangchilar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik yosh avlodga otalar jasoratidan saboq beradi.

Baxtiyor Matkarimov bunyod etgan bog‘, sun’iy qoplamali kichik futbol maydonchasi, fitnes klub chekka hududlarda ham tadbirkorlik faoliyati keng rivojlanayotganini ko‘rsatib turibdi.

Bahrom Qodirov, Qo‘chqor Qo‘shimmatov xonadonlaridagi obodlik, yashillik, Qilichboy madaniyat markazi atrofidagi xushmanzara gulzorlar, 22-sonli, 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 7-sonli oilaviy poliklinika 15-sonli maktab fasadlari obodligi, yashilligi davlatimizning yashil hududlarni ko‘paytirishga oid siyosatining ijrosini ko‘z-ko‘z qilib turganday.

Yashil daraxtlar – tirikligimiz manbai. Shunday ekan, chor-atrofni ko‘kalamzorlashtirish hududimizda ekologik holatni yaxshilashga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishini unutmasligimiz darkor.

Ichki ko‘chalarni ta’mirlash, tosh-shag‘al yotqizish, qishloq aholisi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish borasida tumanimizda olib borilayotgan ishlar tufayli ovulning Chig‘atoy, Avesto, Bahouddin Naqshband, Baraka, Toza yop ko‘chalariga tosh yotqizilmoqda.

Xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan, ma’naviy boyligimizga aylangan shunday hunarlari borki, ular bugungi kunda ham yuksak qadrlanib, davom ettirib kelinayapti. Quroq va kashta tikish hunarlari shular jumlasidandir. Qilichboylik onaxonlarning bu hunarlarni asrab-avaylab davom ettirib kelayotganliklari, yoshlarga o‘rgatib, yosh qizlarning hunarli bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilayotganlari tahsinga sazovor.

Loyiha ijodkorlari shu kuni ovulning obro‘-e’tiborli ayollaridan biri Sanamjon Najmiddinova xonadonida bo‘lishib, chevarlik bilan ko‘rpa tikayotgan bir guruh ayollar mehnatini ham kuzatishdi.

Bir umr aholining tinch-totuv, osoyishta yashashlarini ta’minlash yo‘lida ovul fuqarolar yig‘inida samarali mehnat qilib kelayotgan Amina opa Yusupova boshchiligida Gavhar Qilicheva, Muqaddas Ollaberganova, Turg‘unoy Otaqo‘ziyeva, Gulshahar O‘rozmatova, Jumagul Tilavovalar ko‘rpa tikish jarayonida laparlar, o‘lanlar aytishib, xalq og‘zaki ijodidan yaxshi xabardor ekanliklarini ham namoyish etdilar. Birgalikda jo‘rovoz bo‘lib lapar aytayotgan onaxonlarning yuzlaridagi jo‘shqinlikda ertagi kunga yuksak ishonch aks etadi.

“Obod mahallam” loyihasi doirasida ovulda kelgusida “Yashil makon” umummilliy dasturiga muvofiq 10 sotix yerda “Mahalla bog‘i” bunyod etish ko‘zda tutilgan. Bu Qilichboy ovuli ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shiladi, albatta.

Shu kuni loyiha ijrochilari atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarini aholiga keng targ‘ib etishdi, aholini, ayniqsa yoshlarning tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga da’vat qildilar, ularning ekologiyaga oid bilimlari oshirildi, ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullarining hududning sanitariya holatini yaxshilash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini namunali tashkil etish yuzasidan mas’uliyati yanada oshdi.

Loyiha doirasida tumanning boshqa hududlarida ham shunday tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Oygul RAJABOVA