ONA TILIM – JON-U DILIM

Туман янгиликлари

Ona tili - bu mening, sening, bizning, xammamizning jon tomirimizda yuragimizni jumbushga keltiradigan hislarimizning oxang-u nidosidir.

Biz mana shu oxangdan, tovushlardan hosil bo‘lgan so‘zlar orqali o‘zligimizni taniymiz. Shu tildagina bir-birimizning qalbimizni chuqur tushunamiz, his qilamiz. Erkin fikr yuritib, shu hislarimizni yuraklarga to‘liq yetkaza olamiz.
Ona tilim – jon-u dilimsan. Betakrorim, jilvakorimsan! Necha-necha asrlar osha quvg‘inga, hattoki o‘limga maxkum etilding. Ammo o‘zbek degan millat bor ekan, sen tillarda yashading, yayrading. Navoiy qalamida yosh bolalardek quvnading, farishta qizlarday jilvalanding, o‘ynoqi g‘azallarda o‘zingning go‘zalliging, fusunkorligingni yana bir bor oshkor etding.

Ona tilim – jon-u dilim. Sen Yassaviyning qalamida Yaratgan bilan sirlashding, Cho‘lpon, Fitrat, Avloniy yuragidan otilgan bir shiddat bo‘lding, Amir Temur, Manguberdilar yuragida o‘chmas olov bo‘lding, mardlikka undovchi xayqiriq bo‘lding.

Ona tilim – jon-u dilim. Asrlar ortida qoldi bari. Seni o‘rus og‘alar o‘tgan asrda qoloqsan zamonaviy emassan, deb mensimay qo‘ymoqchi, bo‘lishdi. Hamma-hammasiga chidading, kurashding. Ba’zilar lahjalarini senga tiqishtirmoqchi bo‘lishdi. Shunda ham sofliging uchun kurashib charchamading.

Ona tilim – jon-u tilim. Kurashlarda toliqmasdan olmos kabi toblangan mening tilim. Sen Muxammad Yusuf qalamiga joziba berib, o‘zbekman deganing qalbidan joy olding. Dunyo shoirlarini xam lol qoldirding. Sen O‘zbekiston Qahramoni Munojot Yo‘lchiyeva qalbidan nola bo‘lib otilib, dunyo sahnasida insoniyatni hayratga solding!

Ona tilim - mening faxrim. Sening sofgina, beg‘uborgina dunyoyingni asrash, avaylash mening farzandlik burchimdir. Men, sen, biz bor ekanmiz sen gullab-yashnayverasan faxrligim!

Sevinch O‘razmatova, 41-maktab 11-sinf o‘quvchisi.